Light | 21:48 / 05.06.2016
32309
4 daqiqa o‘qiladi

Har bir ota bilishi kerak bo‘lgan narsalar

Ota bo‘lish - erkak kishining hayotidagi eng murakkab bosqichlardan biri. Qanday qilib yaxshi ota bo‘lish mumkin? Ota o‘z bolasini nimaga o‘rgatishi kerak hamda bunday holatda o‘zini qanday tutish lozim? Ba'zi odatlardan xalos bo‘lishga to‘g‘ri keladi. Oilasiga mas'ul bo‘lish uydagi tarbiyani o‘z zimmasiga olish deganidir. Kemani qaysi tomonga burish otaning o‘ziga bog‘liq. Quyidagi tavsiyalar otalar uchun foydadan xoli bo‘lmaydi. 

Ijtimoiy hayot

Ko‘niking, endi sizning ijtimoiy hayotingiz yangi bosqichga chiqmoqda. Bola to‘g‘ri muhitda o‘sishi uchun boshqa otalar bilan birga umumiy qiziqishlar topishga to‘g‘ri keladi. Sotsiallashtirish - shaxs shakllanishining eng muhim qismlaridan biri. Yangi hayot bosqichiga moslashishingiz sizning shaxs sifatida rivojlanayotganligingizni bildiradi. 

Pedagog mahorati

Har bir ota o‘zida pedagogik mahoratni takomillashtirishi kerak. Aynan siz bolani yangi, ulkan dunyo bilan tanishtirasiz - unga cho‘milish, yugurish, texnikadan foydalanish, odamlar bilan muloqot qilishni o‘rgatasiz. Eng asosiysi - bolalarning shakllanishini shunchaki taqdir izmiga tashlab qo‘ymaslik. Agar shunday xatoga yo‘l qo‘yilgan taqdirda, buni umrning oxirigacha to‘g‘irlab bo‘lmasligini unutmang! 

Dinozavrlarni bilish

Ertami kechmi deyarli har bir bola dinozavrga qiziqadi. Barcha kaltakesaklar nomini bilish - ota uchun yaxshi mahorat, chunki bola bilmagan narsasini otasidan so‘raydi va farzandining nazarida otasi hamma narsani biladi. Ana shu tasavvurini chippakka chiqarmaslik uchun bolangizning qiziqishlariga e'tibor bering hamda uni qiziqtirgan savollarga javob qaytaring.

Uxlashga yotqizish

Bu borada asosiy mas'uliyat onalarga tushadi, ayniqsa, bolaning yoshi kichik bo‘lsa. Qorni to‘ydimi - uxlashga olg‘a! Otalar esa bunga biroz qiynalishadi. Ular qo‘lda ko‘tarishlari, shaqildoq o‘yinchoqlar bilan chalg‘itishlari, hikoyalar so‘zlab berishlariga to‘g‘ri keladi, bularning barini sinovdan o‘tkazibgina, sevimli farzandingizni qaysi usul bilan uxlatish osonroqligini tushunib olasiz. 

Bola bilan birga o‘ynash

Har qanday bola o‘zi bilan o‘ynashni talab qiladi. Bundan tashqari u otasining yo‘q joydan o‘yinchoqlar chiqarib berishiga chin dildan ishonadi. Yaxshi ota hamma narsani bajara olishi kerak: Lego to‘plamlarini yig‘ish, kosmik kema uchun uchish maydonini tayyorlash, tosh va cho‘plardan yovvoyi o‘rmon yasash - bola xursand bo‘lsa bas.

Demagog mahorati

Barcha yosh otalarda suhbat olib borish mahorati sezilarli darajada oshadi. Ayniqsa, farzandini qanday bo‘lsa-da cho‘milish, oynaga narsa otmaslik va yoqtirmagan bo‘tqasini yeyishga ko‘ndirishga majbur bo‘lgan otalarda shunday holat yaqqol seziladi. 

Bolaga qarashdagi asosiy ko‘nikmalar

Oziqlantirish aralashmasini tayyorlay bilish, cho‘milish uchun vanna hozirlash, taglikni almashtirish shular jumlasidandir. Shuningdek, ota farzandining tug‘ilgan sanasi, vazni, bo‘yi hamda qon guruhini bilishi lozim. Hujjatlar qayerda turishini bilish ham maqsadga muvofiqdir. Har xil vaziyat bo‘lishi mumkin, hayotingizning yangi bosqichida har qanday vaziyatga tayyor turing!