Jahon | 22:12 / 05.06.2016
10170
2 daqiqa o‘qiladi

Parij: Suv toshqini barqarorlashdi, Sena daryosidagi suv darajasi kamaydi

Parijning Sena daryosidagi suv darajasi asta-sekin kamayib bormoqda.

Eslatib o‘tamiz, yakshanba kuni daryo suvining sathi odatdagiga nisbatan 6 metr balandlikka ko‘tarildi va so‘nggi 34 yil ichida rekord darajasiga yetdi. 

Suv toshqini xavfi tufayli Parij metrosi qisman berkitildi, sayyohlik maskanlari, jumladan, Luvr va Orse muzeyi, shuningdek, ko‘plab bog‘lar va qabristonlar qisman yopib qo‘yildi.

Sinoptiklar Senadagi suv darajasi 6,5 metrga ortishini bashorat qilishgan edi. Biroq yakshanba kuni vaziyat barqarorlashdi.

Fransiyaning atrof-muhit vazirligi xabar berishicha, suv sathi rekord darajasida ko‘tarilib, yana pasaya boshlagan.  

Mamlakat bosh vaziri Manuel Valsning xabar qilishicha, suv toshqini oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lgan va 42 kishi jarohat olgan.
Parijdagi 17 mingga yaqin turar-joylar elektr tokisiz qolgan.

AFA sug‘urta assotsiatsiyasining ma'lumotlariga ko‘ra, suv toshqinidan yetkazilgan zararni qoplash sug‘urta kompaniyalari uchun 600 mln yevrodan ortiq mablag‘ni tashkil etadi.

Yelisey maydonidagi Katta saroyining ko‘rgazma markazi (Gran-Pale), shuningdek, Milliy kutubxonadagi ikkita ko‘rgazmalar zali ham yopib qo‘yilgan. 
Luvr va Orse muzeyi seshanbagacha yopiq bo‘ladi.   

Parijliklar suv darajasini Alma ko‘prigi tagida qad rostlagan jangchi ("Zuav" deb tanilgan) haykali orqali tekshirib borishmoqda. Ayni damda suv sathi haykal belidan pasayib bormoqda.