O‘zbekiston | 15:15 / 08.06.2016
10708
2 daqiqa o‘qiladi

EgyptAir voqeasidan keyin yopilgan Urganch aeroporti faoliyati tiklandi

Qohiradan Pekinga yo‘lovchi reysini amalga oshirish chog‘ida Urganchga qo‘ngan EgyptAir aviakompaniyasi samolyoti bortidan portlovchi uskuna topilmagach, samolyot uchib ketgan va ayni vaqtda Urganch shahri aeroportida samolyotlarni qabul qilish va jo‘natish ishlari odatdagi tartibda davom etmoqda. Bu haqda RIA Novosti aeroportdagi manbasiga asoslangan holda xabar tarqatgan.

"Mahalliy vaqt bilan soat 13:15da va 13:20da Toshkentdan Urganchga 2ta reys bo‘yicha samolyotlar uchib keldi. Bu samolyotlar 7:00 va 8:00da kelishi belgilangan, ammo EgyptAir samolyoti tufayli aeroport vaqtinchalikka yopilgach, rejasha o‘zgarish kiritilgandi. Ayni vaqtda Urganch aeroporti ochiq", degan manba.

Ma'lum qilinishicha, misrliklar samolyoti izchil tekshiruvdan o‘tkazilgan va uning bortidan portlovchi uskuna topilmagan. Qo‘nganidan to‘rt soat o‘tib, layner Urganchdan Xitoy poytaxtiga uchib ketgan.

Avvalroq O‘zbekiston aviatsiya rasmiylari bortida portlovchi uskuna mavjudligi ehtimoli munosabati bilan EgyptAir samolyotidan favqulodda qo‘nish haqida iltimos olgani, samolyot Urganchga qo‘ndirilgani va uning bortidagi 135 kishi evakuatsiya qilingani haqida xabar berilgan edi.