O‘zbekiston | 14:10 / 10.06.2016
27843
6 daqiqa o‘qiladi

The Telegraph nashri O‘zbekistonga tashrif buyurish uchun 11 sabab keltirdi

Buyuk Britaniyaning The Telegraph nashri O‘zbekistonni ziyorat qilishning 11ta sababini keltirdi.

O‘zbekiston bu - Bu yerda Buyuk ipak yo‘lining eng yaxshi qismlari joylashgan

Agar siz qadimiy Buyuk ipak yo‘liga qiziqib qolgan bo‘lsangiz, ammo Xitoydan Turkiyagacha bo‘lgan masofani kezib chiqishga vaqtingiz yetmasa, bu yo‘nalishdagi uchta asosiy shaharni O‘zbekistondan topishingiz mumkin. Bu Xiva, Buxoro, Samarqand shaharlari bo‘lib, bu yerdagi go‘zal minoralar, hashamatli gumbazlar va o‘ziga jalb etuvchi mozaikalar mashaqqat bilan qayta tiklangan. Bu shaharlarni bir hafta ichida ziyorat qilib chiqish mumkin. 

Xalqlar do‘stligi

O‘zbekistonning poytaxti Toshkent shahri 1966 yilgi zilziladan keyin butkul vayron bo‘lgan. 300 ming kishi boshpanasiz qolgan, shaharning qayta tiklanishida Sobiq Ittifoq davlatlari ishtirok etishgan. Shu tariqa shahar sharq va rus me'morchiligini o‘zida uyg‘unlashtirgan. Shahar markazida joylashgan "O‘zbekiston" mehmonxonasi o‘sha davr me'morchiligining yaqqol misolidir. 

Moziyga sayohat

"Xiva - YuNeSKO tomonidan qo‘riqlanadigan va o‘zbek oilalari hamda korxonalaridan iborat muzey-shahar. Unga VI asrda asos solingan bo‘lib, Buyuk ipak yo‘li gullab-yashnagan davrlarda bu shahar ham taraqqiy etgan. Ko‘p sonli masjidlar, maqbaralar va madrasalar, egri-bugri ko‘chalar mahorat bilan qayta tiklangan. Ko‘chalar suvenir sovg‘alarga to‘la, bu yerdan qo‘lda yasalgan choynakdan boshlab an'anaviy bosh kiyimlargacha topishingiz mumkin. Soat kechki beshdan so‘ng mahalliy xalq uy-uyiga tarqaladi, shunda shaharni yolg‘izlikda tadqiq qilish mumkin. Quyosh botayotgan paytda o‘zingizni XII asrdagidek his etasiz", deya e'tirof etilgan maqolada. 

O‘zingizga joy topa olishingiz mumkin

O‘zbekistonning qadimiy shaharlarida o‘zbek to‘ylariga tashrif buyurish barcha sayyohlik turlarida uchraydi. Shunga qaramay, har bir yirik shaharda sayyohlar u qadar ko‘p emas. Xorijdan kelgan sayyohlardan ko‘ra ichki sayyohlar ko‘p bo‘lgan joylarni ziyorat qiling, to‘ylardagi odamlar esa kishilarga zavq ulashadi. Oq ko‘ylakdagi kelinning X asrda qurilgan minora tagida turishi hech qachon xotirangizdan ketmaydi. 

Amir Temurning vatani

O‘zbek xalqi Amir Temurni o‘zining milliy qahramoni sifatida tan olgan. Uning qo‘shini butun Markaziy Osiyo bo‘ylab shaharlarni zabt etgan, u Chingizxonning avlodidan bo‘lgan qizga uylangan. Binolardagi portretlarda, pullarda va boshqa mahsulotlarda Temurning tasvirini ko‘rish mumkin.

Rivojlangan mahalliy transport

O‘zbekistonning barcha asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha arzon ichki aviareyslar, avtotrassalar va tezkor poyezdlar harakatlanadi. Hamma shaharlarda taksi va avtobuslar bor, Toshkentda metro mavjud. 

Ayol sayohatchilar uchun xavfsiz joy

Markaziy Osiyodagi mamlakatlariga nisbatan O‘zbekistonda sayyohlarga qarshi jinoyat darajasi ancha past. O‘zbeklarning taxminan 90 foizi musulmonlardan iborat, ammo bu yerdagi ayollar paranjiga o‘ranmagan, aytish mumkinki, ikkala jins vakillarining teng huquqliligi bu mintaqada kuchliroq namoyon bo‘lgan. 
O‘zbek ayollari Yevropa ayollariga nisbatan konservativroq kiyinishadi, shu bois bu yerga sayohatga otlanar ekansiz, yengli kiyimlar tanlang, ularning uzunligi tizzagacha bo‘lsin. Mahalliy ayollar yorqin ranglardagi liboslarni xush ko‘rishadi. Bunday kiyimlarni shu yerdagi bozorlardan bir necha dollarga xarid qilishingiz mumkin. 

Ekzotik ko‘rinish imkoniyati

Ko‘pchilik O‘zbekistonni xaritadan tez topa olmaydi, shuning uchun avval uni osonlik bilan topishni o‘rganing. Shundan so‘nggina tanishlaringizga dam olish uchun tanlagan joyingiz haqida so‘zlab berishingiz mumkin, O‘zbekiston dunyo okeanlariga chiqish uchun ikki mamlakat hududini kesib o‘tish kerak bo‘lgan dunyodagi ikkita mamlakatdan biri hisoblanadi.

Shopping uchun ajoyib joy

Temur va uning avlodlari Xiva, Buxoro va Samarqandga chiroy baxsh etish uchun hamma joylardan musavvirlar, me'morlar va kulollarni taklif qilishgan. Bu shaharlardagi masjidlar eng yaxshi fresk va mozaikalar bilan bezatilgan. Shunisi quvonarliki, O‘zbekistonda hunarmandchilik davom ettirib kelinmoqda, sayyohlar qo‘lda bajarilgan kulolchilik buyumi, kashtachilik namunalari, ipak matolar va miniatyuralarni madrasalardan bemalol xarid qilishingiz mumkin, bu yerda suvenirlar rastalari ham xizmat ko‘rsatadi.

Hayratlanarli darajada kosmopolit shaharlar

Toshkent va Buxorodagi hayot tarzi Yevropadagidek - ko‘l bo‘yidagi bog‘lar, xiyobonlar va shaharning diqqatga sazovor joylaridagi kafelar. Muzqaymoq, salqin ichimliklar va ko‘k choy O‘zbekistonga uyushtirgan sayyohlik safarini yanada qiziqarli qiladi. 

Ajoyib oshxona

O‘zbek milliy oshxonasi menyusida juda ko‘p ajoyib taomlarni uchratish mumkin: lag‘mon, qo‘y go‘shtidan tayyorlangan sho‘rva, sarimsoq va zira bilan tayyorlangan jiz. Har bir shahar o‘zining palovi eng yaxshisi ekanligini ta'kidlaydi, ammo aslida palov hamma joyda mazali.