Light | 10:06 / 21.06.2016
32620
2 daqiqa o‘qiladi

Antiqa hayvonot bog‘i: hayvonlar ozodlikda, odamlar esa qafasda

Hayvonot bog‘iga tashrif buyursangiz, bolalikdagi beg‘ubor taasurotlar yodga tushadi. Chiroyli qushlar, bahaybat o‘txo‘r va go‘shtxo‘r yirtqichlarni nafaqat televizorda, balki hayotda ham o‘z ko‘zi bilan ko‘rish istagida bo‘lganlar, albatta, hayvonot bog‘ini aylanishga tashrif buyurishadi. Biroq shunday insonlar borki, ularga jonivorlarni olis masofadan turib kuzatish kamlik qiladi. 

Chilining Rankagua shahrida birinchi Lotin Amerika Safari Lion Zoo hayvonot bog‘i ishlaydi va ajablanarlisi, u yerdagi qafasda hayvonlar emas, aksincha, tashrif buyurgan insonlar o‘tirishadi. Bu antiqa attraksionni yaratishdan  maqsad odamlarga hayvonlarni tabiiy yashash sharoitini ko‘rsatib berishdir. 

Barcha mehmonlarga  maksimal yaqin masofada sherlarga yaqinlashishi uchun imkon beriladi. Tashrif buyurganlar mustahkam po‘lat panjarali avtobusda hayvonlar yashaydigan hududni aylanishadi.  Aynan shu qafasli panjara insonlarni yirtqichlardan himoya qilib turuvchi vositadir.

Yovvoyi mushuklarni faqat yangi go‘sht bilan e'tiborini tortish mumkin. Shu sababli hayvonot bog‘iga kelganlar o‘zi bilan go‘sht olib kelishi zarur. Yoqimli hidni his etgan yirtqichlar darhol panjarali avtobus ustiga chiqib, sayr davomida birga yurishadi. 

Hayvonlarga panjara orqali yegulik berish ta'qiqlanadi. Ularni ushlash ham qat'iy man etiladi. Bu sayrga faqat kuchli irodaga ega, dovyuraklar chiqishi mumkin. Sababi Safari Lion Zoo bog‘ida yirtqichlar mutlaqo erkin bo‘lishadi va ularning harakatini hech kim jilovlay olmaydi. Buni bir soniyaga ham yoddan chiqarmaslik kerak.