O‘zbekiston | 14:21 / 23.06.2016
15813
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat rahbarlari ShHT sammitida ishtirok etish uchun Toshkentga yetib kelishmoqda

O‘zbekiston poytaxti Shanxay hamkorlik tashkiloti davlat rahbarlari Kengashi ishtirokchilarini kutib olmoqda. ShHT yubiley sammiti 23-24 iyun kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tishi haqida avval xabar qilingan edi. 

Respublika TIV xabar qilishicha, 23 iyun kuni Toshkentga Tojikiston, Turkmaniston, Mo‘g‘iliston prezidentlari yetib kelgan. Avvalroq, Pokiston davlat rahbari Mamnun Husayn O‘zbekistonga kelgani, u shaharning qadimiy yodgorliklarini ko‘rish uchun Samarqandga qo‘ngani aytilgandi. 

XXR raisi Si Tszinpin esa, uchinchi kundirki O‘zbekistonda bo‘lib turibdi. U, 21 iyun kuni davlat tashrifi bilan respublikaga kelgan edi. 

23 iyun kuni RF prezidenti Vladimir Putin ham Toshkentga kelishi kutilmoqda. RF davlat rahbari yordamchisi Yuriy Ushakovning jurnalistlarga ma'lum qilganidek, Putin XXR raisi Si Tszinpin bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazadi. Bundan tashqari, Mo‘g‘iliston rahbari bilan birga, uch tomonlama muloqot ham tashkil etiladi. 

24 iyunda Rossiya rahbari sammit mezboni O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov bilan ham uchrashadi. Shu bilan birga, u ShHT sammiti doirasida Hindiston bosh vaziri Narendra Modi bilan muloqot olib boradi.