O‘zbekiston | 23:11 / 23.06.2016
28141
4 daqiqa o‘qiladi

ShHT davlat rahbarlari uchun do‘stlik va hamkorlik konserti namoyish etildi

“O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida 23 iyun kuni Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining Toshkent sammiti ishtirokchilari uchun konsert namoyish qilindi. 

Shanxay hamkorlik tashkiloti uchun bunday tadbirlarning o‘tkazilishi an'anaga aylangan. 

Soat 18.00. Zalga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Tszinpin, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atamboyev, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon, Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G‘ani, Mo‘g‘uliston Prezidenti Tsaxiagiyn Elbegdorj, Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Mamnun Husayn, Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi, Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov, ShHT Bosh kotibi Rashid Alimov kirib keladilar. 

Yig‘ilganlar oliy martabali mehmonlarni gulduros qarsaklar bilan kutib oladilar. 

ShHT Davlat rahbarlari kengashining yubiley sammiti konsert bilan boshlanganida chuqur ramziy ma'no mujassam. Zero, madaniyat va san'at xalqlarning o‘zaro yaqinlashuvi va bir-birini anglashi uchun o‘ziga xos vositadir, binobarin, musiqa chegara va masofa bilmaydi. Shu bois “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida do‘stlik va hamkorlik muhiti hukm surdi. 

Oliy martabali mehmonlar e'tiboriga o‘zbek xalqining milliy ashula va raqslari, shuningdek, jahon opera san'atining eng sara asarlaridan namunalar havola etildi. 

O‘zbekiston san'at ustalarining chiqishlari olqishlar bilan kutib olindi. O‘zbekiston xalq artisti Munojot Yo‘lchiyeva ijrosidagi “Ul kim jonon” ashulasi tinglovchilarda unutilmas taassurot qoldirdi. “O‘zbekiston” va “Navro‘z” raqs ansambllari ijrosidagi “Raqslar guldastasi” xoreografik kompozitsiyasi o‘zbek raqs maktabining butun ko‘rku jozibasini namoyon etdi. 

“Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali g‘olibi Nodira Pirmatova “Ey dilbari jononim” ashulasini YuNeSKOning Reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan katta ashula uslubida ijro etdi. 

O‘zbekiston yoshlar simfonik orkestri P.Chaykovskiyning “Yevgeniy Onegin” operasidan lavha ijro etdi. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri xonandalari Sh.Gunoning “Romeo va Juletta” operasidan Juletta valsini kuyladi. 

O‘zbekiston xalq artisti Normo‘min Sultonov va «Nihol» mukofoti laureati Ma'suma Boltaboyeva «Mening jonajon Xitoyim», O‘zbekiston xalq artisti Zulayho Boyxonova «Qadrdonlarim» ashulalarini xitoy tilida ijro etdi. Qozoq, qirg‘iz, tojik, turkman, qoraqalpoq xalqlarining ashula va raqslari ham ijro etildi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Jyenisbek Piyazov «Menga bergil kuylarni», xalqaro tanlovlar laureati Milena Matmusayeva «Sevgi sadosi» deb nomlangan mashhur rus ashulalarini kuyladi. Kontsert dasturi ShHTga a'zo davlatlarning boy madaniyati bilan yanada yaqindan tanishish imkoniyatini berdi. 

Ijro etilgan har bir kuy-qo‘shiqda insonga mehr-muhabbat, o‘zaro hurmat, bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik, milliy va umumbashariy qadriyatlarga ehtirom yuksak pardalarda tarannum etildi. Kontsert nihoyasida “Jon O‘zbekiston” kompozitsiyasi yangradi. 

Mehribon Mametova, A'lo Abdullayev (surat), O‘zA

Mavzuga oid