Iqtisodiyot | 11:35 / 01.07.2016
9966
2 daqiqa o‘qiladi

Belarusda 7ta yangi banknota muomalaga kiritilmoqda

Belarusda 1 iyulga o‘tar kechasi 10 000:1 nisbatda denominatsiya bo‘lib o‘tib, yettita yangi banknota va sakkizta yangi tanga muomalaga kiritilishi boshlandi. Bu haqdagi tegishli farmon Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko tomonidan 2015 yilning 4 noyabrida imzolangandi.

2016 yil 1 iyulidan 31 dekabriga qadar eski va yangi kupyuralar erkin muomalada bo‘ladi. Eski pul belgilari 2017 yil 1 yanvardan 2019 yil 31 dekabrga qadar BMB, Belarus banklari va bank hisoblanmagan kredit-moliya muassasalarida, 2020 yil 1 yanvardan 2021 yil 31 dekabrgacha esa Milliy bankda cheklovlarsiz yangilariga almashtiriladi. 

«Nasha Niva» xabariga ko‘ra, yangi belarus rubli sifatida muomalaga 7ta banknota kiritilmoqda: 5, 10, 20, 50, 100, 200 va 500 rubllik. Shuningdek, 1, 2, 5, 10, 20 va 50 kopeykalik, 1 va 2 rubllik tangalar paydo bo‘ldi. Eng kichik banknota eski 50 ming Belarus rubliga to‘g‘ri keladi. Yangi kupyura va tangalarning butun to‘plami 888 rubl va 88 tiyinni tashkil etadi.

1 iyul kuni holatiga ko‘ra yangi 1 belarus rubli Rossiyaning 32 rubliga yoki, AQShning 0,5 dollariga to‘g‘ri kelmoqda.

Bu denominatsiya Belarus mustaqillikka erishganidan buyon o‘tkazilgan uchinchisi bo‘ldi. 1994 yilda rubl 10:1 nisbatida, 2000 yili 1000:1 nisbatidan denominatsiya qilingandi.

17 iyun kuni Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko denominatsiya vaqtida narxlarni oshirganlik uchun «boshni olishi» haqida aytib o‘tgandi.