Jamiyat | 15:16 / 01.07.2016
25528
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda yangi dam olish maskani - Baxt ko’li

Iyun oyi o‘rtalaridan Toshkentdagi Baxt ko’li hordiq chiqarish maskanida qurilish ishlari boshlab yuborilgan edi. Maskanning umumiy maydoni 59 ga bo‘lib, shundan suvli hudud 27 ga.ni tashkil etadi. Bu yerda bir vaqtning o‘zida 5000 kishi dam olishi mumkin.

Sun'iy ko‘l atrofidagi hudud 11 zonaga bo‘lingan bo‘lib, obodonlashtirish maqsadida poytaxt tumanlariga ajratilgan. Biroq bu yerga tashrif buyuruvchi istagan zonasiga borsa bo‘ladi.

Hordiq chiqarish maskaniga kirish odam boshiga 1000 so‘mni tashkil etadi. Dam olish uchun zarur jihozlarni ijaraga olish narxi 5000 so‘mdan boshlanadi. Kiyim almashtirish uchun alohida xonalar bo‘lib, gigiyenik jarayonlar pullik.

Baxt ko’li hordiq chiqarish maskanida turli xil ko‘ngilochar vositalar bor: istaganlar futbol yoki voleybol o‘ynashlari, boshqalar esa qayiq va katamarinlarda sayr etishlari, suv qasrlaridan ko‘lga sakrashlari mumkin.

Park hududida bir necha kafe ishlab turibdi. Bundan tashqari, velosiped va sigveylar ijarasi, suzish kiyimlari savdo do‘koni, bolalar uchun attraksionlar, o‘yin maydonchalari, mini-basseynlar mavjud. Hatto karting va mini-golf ham bor.

Hordiq chiqarish maskaniga alkogol ichimliklar olib kirish qat'iy taqiqlanadi. Nazorat kameralari park xavfsizligi maqsadida o‘rnatilgan. Suvdagi xavfsizlikni qutqaruv xizmati xodimlari ta'minlashadi. Har 45 daqiqada dam oluvchilardan 15 daqiqali tanaffus uchun sohilga chiqish so‘raladi. Tibbiy punkt ishlab turibdi. 

Baxt ko’li hordiq chiqarish maskani har kuni 9:00 dan 19:00 gacha ish yuritadi.

Suratlar: Gazeta.uz