Light | 00:41 / 06.07.2016
27152
5 daqiqa o‘qiladi

Ko‘p o‘tirish insonni halokat sari yetaklaydi

Hozirgi avlod insoniyat tarixidagi eng ko‘p o‘tiruvchi avloddir. Inson tanasi Olloh tomonidan yaratilgan eng mukammal mexanizmdir, u suv, havo va ovqatlanishga qanchalik ehtiyoj sezsa, harakatga ham shunchalik muhtoj. Agar inson yuqorida qayd etilgan tabiat ne'matlarisiz yashay olmasa, harakatga bo‘lgan ehtiyojini qondirmasligi ham mumkin. Ertami-kechmi, tanangiz bunday e'tiborsizlikka kasalliklar bilan javob qaytaradi, ularni esa bartaraf qilishdan ko‘ra oldini olgan yaxshiroq. 

O‘tirish bilan kurashish

Butun dunyo bo‘ylab kamharakat hayot tarziga qarshi chiquvchilar soni ko‘payib bormoqda. Ma'ruzachilar o‘tirishning zarari to‘g‘risida nutq so‘zlab, butun bir auditoriyalarni to‘ldirishmoqda. Eng ilg‘or kompaniyalar o‘z xodimlari uchun ish joylarini tik turishga mo‘ljallab yaratishmoqda. Mebel fabrikalari bozorga yangi - turib ishlashga mo‘ljallangan stollar ishlab chiqarishga shoshilishmoqda. Olimlar bizning ko‘plab kasalliklarimiz ko‘p o‘tirganimiz bois kelib chiqishini ma'lum qilishdi.

Qanday qilib shu darajaga yetib keldik

Bu butkul bizning aybimiz emas, albatta. Faol hayot tarzidan bugungi avtomatlashtirilgan turmush tarziga harakatlanar ekanmiz, hayotimizning har bir jabhasi tabiiy talab, ya'ni bizning qulayligimiz uchun xizmat qiladi. Biz qulay ovqatlanishimiz, qulay harakatlanishimiz, qulay ishlashimiz, telefonda bemalol suhbatlashishimiz va xotirjam televizor ko‘rishimiz kerak. Ajdodlarimiz tik turib o‘tkazgan hayotning aksariyat qismini bizning avlod o‘tirib o‘tkazmoqda. 

Kuch-quvvat qayerga ketadi

Inson organizmi o‘z kuch-quvvatini uch asosiy yo‘nalish bo‘yicha sarflaydi. Tananing har bir hujayrasi normal ishlashi uchun kuch-quvvatga muhtoj – mushaklar hujayrasi yoki jigar hujayrasi bo‘lsin, hammasiga quvvat kerak. Shuningdek kuch-quvvat ovqat hazm qilish uchun ham muhim va nihoyat, kuch-quvvat bizning harakatlanishimizda yetakchi rol o‘ynaydi. 

Kamharakat tanada nimalar sodir bo‘ladi

Kuch-quvvat faqatgina jismoniy harakatlarga sarflanmaydi. Hattoki mayda harakatlarimiz ham quvvat talab qiladi. O‘tiruvchi hayot tarzida esa tana quvvatini sarflamaydi, buning natijasida miyaga kelib tushadigan signallar esa bir qator murakkab reaksiyalarni keltirib chiqaradi. Inson tanasining nozik mexanizmida buzilish sodir bo‘ladi. 

Ham sog‘liqqa, ham tashqi ko‘rinishga zarar

O‘tirish nafaqat ortiqcha yog‘ yig‘ilishiga sabab bo‘ladi, balki tanadagi ba'zi tabiiy jarayonlarga ham halal beradi. Buning natijasida esa qandli diabet kabi jiddiy kasalliklar kelib chiqadi. Taom iste'molidan taxminan bir soat o‘tib, qondagi qand darajasi keskin ko‘tariladi. Agar biz kamharakat bo‘lsak, mushaklar va hujayralar glyukozani singdirmaydi, bu jarayon esa kundalik faollikni saqlab qolish uchun muhim, ana shu singmagan qand esa yog‘ga aylanadi. 

Maktab tajribasi

Minnesota shtatidagi Rochesterda Apple kompaniyasining qo‘llab-quvvatlashi ostida olimlar maktab o‘quvchilari ishtirokida tajriba o‘tkazishdi. Bolalarga harakatlanuvchi platformalarda noutbuklar berishdi va o‘quv kuni davomida o‘tirishdan boshqa istagan holatlariga kirishlari mumkinligi aytildi. Ular kun bo‘yi tik turishdi yoki harakatlanishdi. Tajriba davomida har bir o‘quvchining sog‘lig‘i nazorat qilindi. O‘quvchilar qancha uzoq vaqt turib o‘qishgan bo‘lsa, ularning jismoniy va ruhiy sog‘lig‘i shuncha yaxshi ko‘rsatkichlarni namoyish etdi. 

Aqlliroq va xotirjamroq bo‘lish

Tajribaning boshlanish davridan ikki oy o‘tib, o‘qituvchilar o‘quvchilarning hojatga kamroq ruxsat so‘rayotganlarini, kamroq chalg‘iyotganliklarini, ortiqcha harakat qilmayotganliklarini va bir-birlariga yaxshiroq munosabatda bo‘layotganliklarini sezishganini ma'lum qilishgan. Nihoyat, o‘quvchilar davlat imtihonlarida o‘tgan yilga nisbatan 20 foizga yaxshi natija ko‘rsatishgan. 

Nimadan boshlash kerak?

Mebel do‘konidan turib ishlash uchun stol buyurtma qilish mumkin, lekin bu biroz qimmatga tushadi. Istasangiz, uni o‘z qo‘lingiz bilan yasang. Eng asosiy va oson yo‘li esa ish kuni davomida imkon qadar ko‘proq harakat qiling. Masalan, telefonda yurib suhbatlashing. Stolga suv solingan stakan qo‘ying, undagi suv tugagach, yana to‘ldirishga to‘g‘ri keladi. Hamkasblaringiz bilan turib suhbat quring. Ana shunday mayda o‘zgarishlardan boshlasangiz, tanangiz sizdan faqat minnatdor bo‘ladi.

Mavzuga oid