Sport | 20:02 / 09.07.2016
17091
3 daqiqa o‘qiladi

G‘ururi osmon Zidanning Materatstsini «qulatgani»ga 10 yil bo‘ldi

Bundan roppa-rosa 10 yil avval Berlinda jahon chempionatining final bahsi o‘tkazilgandi. Hal qiluvchi o‘yinda Fransiya hamda Italiya terma jamoalari maydonga tushgandi.

O‘yinda fransuzlar hisobni ochishdi. 7-daqiqada jarima maydonchasi ichida Floren Mavludaga nisbatan qo‘pollik ishlatildi. O‘yinni boshqarib borgan hakam Orasio Elizondo hech ikkilanmay, penalti belgiladi. Penaltini Fransiya sardori Zinedin Zidan tepadigan bo‘ldi. U to‘pni sobiq jamoadoshi Janluidji Buffon ustidan Antonin Panenko usulida "tashlab qo‘ydi". To‘p to‘singa tegib, darvozadan joy oldi. Jahon chempionati finalida bunaqa penalti tepish kimning qo‘lidan keladi? Zidanning!

Ko‘p o‘tmay hisob tenglashdi. Andrea Pirloning zargarona to‘p uzatishidan keyin Italiya terma jamoasi himoyachisi Marko Materatstsi bosh bilan ajoyib tarzda gol urdi.

Buni qarangki, aynan mana shu ikki gol mualliflari ishtirokidagi vaziyat finalning markaziy voqeasi bo‘ldi. Tarix Germaniyadagi jahon chempinatini o‘sha voqea bilan eslaydi.

109-daqiqa... O‘yinning asosiy vaqti yakunlanib, hakam qo‘shimcha bo‘limlar belgiladi. Ularning ikkinchisi o‘tib borayotganda Zinedin Zidan jamoasining hujumidan keyin ortga qaytayotgan edi. U Marko Materatstsining oldidan o‘tib ketayotganda italiyalik futbolchi Zidanga past ovozda nimadir dedi. Avval Zidan raqibiga shunchaki qarab qo‘ydi. Keyin Materatstsi yana nimadir dedi. Shundan keyin Zidan o‘zini bosa olmadi va Materatstsining ko‘kragiga boshi bilan zarba berdi. Italiyalik futbolchi maydonga quladi... U bilan birga Fransiya ham quladi. Chunki Zidan maydondan chetlatildi. Usiz Fransiyani tasavvur eta olasimi?!

O‘sha vaziyatda nima gap bo‘lganini hech kim bilmaydi. Bu narsa faqat Yaratganga, Zidanga va Materatstsiga ayon. Bu borada butun boshli asarlar yozildi, Materatstsi ham taxminan nima deganini aytdi, lekin aniq gapni hech kim bilmaydi. Anig‘i shuki, Zidan inson uchun g‘urur, izzat-nafs ko‘p narsadan ustun ekanini isbotladi. Jahon chempionati g‘olibligidan ham, dunyoning eng yaxshi futbolchisi, degan nomdan ham. Jahon chempionati finalida qizil kartochka olgan futbolchiga dunyoning eng yaxshi futbolchisi unvoni berilmaydi. Zidan shuni bilsa ham, g‘ururni birinchi o‘ringa qo‘ydi.

Aynan mana shu uchun Zidan futbolning qirollaridan bo‘lib qoldi. Hamma uni yaxshi ko‘radi, hamma uni Zizu deb ataydi. Undan o‘rnak olishadi. Zidan futbolchi sifatida ham, isnon sifatida ham o‘rnak bo‘lishga arziydi. Chunki u Zidan-da!

Manba: Tribuna.Uz

Mavzuga oid