Serbiyalik futbolchi raqib hujumchilarini aldab o‘tib, o‘z darvozasiga gol urdi
Polshadagi Sosnovets shahri sharafini himoya qiluvchi «Zaglembe» jamoasi a'zosi bo‘lgan serbiyalik himoyachi Zarko Udovichich «Stal» (Melets) jamoasiga qarshi kechgan va 1:3 hisobidagi mag‘lubiyat bilan yakunlangan o‘yinda antiqa avtogol muallifi bo‘ldi. Bu gol urilishi tasvirlangan video epizoda YouTube portaliga joylashtirilgan.
O‘yinning 62-daqiqasi davom etayotgan va tabloda 1:1 hisobi porlab turgan vaqtda serbiyalik futbolchi chap qanotda to‘pni qabul qiladi va o‘z darvozasi tomon harakatlanadi. U yo‘lida raqiblarni aldab o‘tadi va o‘z jarima maydonchasiga "yorib kiradi". Shundan so‘ng, u o‘tkir burchakdan turib zarb bilan tepgan to‘p darvoza to‘ridan joy oladi. To‘p darvozabon qo‘llari yuqorisidan o‘tib, o‘ng burchak tomondagi to‘singa tegadi va darvoza ichiga kiradi.