Jamiyat | 19:02 / 15.07.2016
30551
2 daqiqa o‘qiladi

«Mahabhorat» seriali texnik sabablarga ko‘ra to‘xtatilgan

O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi «Madaniyat va Ma'rifat» telekanalida efirga ketayotgan «Mahabhorat» seriali 12 iyuldan boshlab efirdan olindi. Biroq kompaniya internet saytida va boshqa yerlarda berilayotgan TV dasturlarda serial namoyish etilishi ko‘rsatilgan.

Serialning nima sababdan efirdan olingani haqida MTRK hech qanday ma'lumot bermadi. Tashkilot bilan bog‘langanimizda faqat birgina javob aytishdi: «Texnik sababga ko‘ra to‘xtatilgan».

«Mahabhorat» shu nomli hind eposi asosida ishlangan serial bo‘lib, 2013 yilda suratga olingan. U «Madaniyat va Ma'rifat» telekanalida kech soat 20:30da efirga uzatilayotgan edi. Kunduzi 12:00da bir kun oldingi soni takroran berilardi. U haqda maxsus ko‘rsatuvlar tayyorlanib, serialning yangi talqini ajoyib chiqqani haqida ko‘pchilik mutaxassislar munosabat bildirishgan.

Islom.uz saytida ham shu masalada o‘quvchilardan biri bu serialni ko‘rish shariatga to‘g‘ri keladimi, qabilida savol bergan. Saytda esa o‘zgacha javob berilgan: «Kufrga rozi bo‘lish, kufr hisoblanadi. Shu filmni ko‘rgan ko‘p odamlarning og‘izlaridan: "Janobi Ramga sharaflar bo‘lsin" deyayotganlarini o‘zimiz ham eshitdik. Qanday qilib bu so‘zni kufr deb bo‘lmaydi?». Bu yerda nazarda tutilgan Ram hindlarning boshqa eposi «Ramayana» qahramoni hisoblanadi.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida ham bu serial ko‘p muhokama qilinmoqda. Ko‘pchilikka undagi bosh qahramonlardan biri Droupadining beshta Panduzoda aka-ukalarga birdaniga turmushga chiqqani yoqmagan. Bu eposda ko‘p narsa real hayotga to‘g‘ri kelmasligi, u badiiy fikr namunasi ekani ham ba'zi foydalanuvchilar tomonidan aytilgan.

Mavzuga oid