Jamiyat | 22:30 / 06.08.2016
11187
2 daqiqa o‘qiladi

100 yoshli momo yengil atletika bo‘yicha jahon rekordini o‘rnatdi

Ida Kiling ismli ayol yaqinda 101 yoshga to‘ldi va u sayyoramizdagi eng tez yuguruvchi momo hisoblanadi.

2016 yil aprelda momo 100 metrlik masofani 1 daqiqa 17 soniyada chopib o‘tgan. Bir qarashda, bu uncha tezmasdek tuyuladi, biroq uning yoshidagilar uchun bu rekord natija hisoblanadi. Qiziqarlisi, momo finishga oxirgi bo‘lib kelgan, chunki o‘zidan 20 yoshroq momolar bilan birga yugurgan.

Bundan tashqari, 2011 yilda Ida 95-99 yoshlilar toifasida yana bir jahon rekordini o‘rnatgandi: u 60 metrni 29,86 soniyada yugurib o‘tgan. 

Momo o‘g‘illari vafotidan keyin o‘zini ovutish uchun 67 yoshida yugurishni boshlagan. Bunga uni qizi Shelli ilhomlantirgan. Shelli onasining tushkunlikka tushib qolgani ko‘rib, unga yugurish poyabzali sovg‘a qilgan. O‘shandan beri Shelli onasi bilan murabbiy sifatida shug‘ullanadi.

Ida keksa yoshi va jussasi kichikligiga (bo‘yi 135 sm, vazni 38 kg) qaramasdan, trenajyor zalida shug‘ullanadi, yogaga qiziqadi va velosiped haydaydi.

Uning aytishicha, faol hayot tarzi tufayli u hozirda o‘zini yoshligidagidan ham yaxshiroq sezmoqda. U hammaga sport bilan shug‘ullanishni tavsiya qilmoqda, uning fikricha, mashq qilishni boshlashga hech qachon kechlik qilmaydi.

Quyida esa momoning yugurishidan olingan video berilgan. Endi sizga "Men yangi tashabbuslarga endi juda keksaman", degan xayol kelsa, Ida momoni yodga olishingiz mumkin.