Fan-texnika | 20:10 / 09.08.2016
33303
11 daqiqa o‘qiladi

Mars sayyorasining yangi sirlari

NASA Marsda suv boriligi haqida ma'lum qilganda, bu yangilik hammani lol qoldirgan. O‘shandan buyon ko‘plab kashfiyotlar qilindi, ular haqidagi ma'lumotlar ommaviy axborot vositalari orqali berib borildi. Hozirgi paytda Qizil sayyorada ikkita Mars roverlari faoliyat olib bormoqda. Marsni uch orbita qurilmasi nazorat qilmoqda. Bundan tashqari samoviy qo‘shnimizga yana ikkita zond yo‘l olmoqda. Biz sayyorada olib borilayotgan tadqiqotlar haqidagi ma'lumotlarni berib borishda davom etamiz. 

 

Marsda hayot borligidan dalolat beruvchi jins topildi

Impaktitlar – meteroritlar qulashi natijasida hosil bo‘lgan tog‘ jinslari. Ular ko‘pincha toshlar, minerallar, shisha va kristall tarkibdan iborat. Yerdagi eng mashhur impaktit manbalari – Nevada sahrosidagi (AQSh) Alamo krateri va Tasmaniyadagi Darvin krateri. O‘tgan yili NASA Marsda ulardan yana birini topdi . 

NASA’ning Mars Reconnaissance Orbiter kosmik apparati Qizil sayyoraning bir necha kraterlarida impakt shisha qoldiqlarini topdi. Bir yil avval esa olim Piter Shults Argentinada topilgan xuddi shunday tarkibli impakt shishani ko‘rsatgan edi, unda o‘simliklar va organik molekulalar qismlari bo‘lgan. Bu esa Mars impakt shishasi ham qadimiy hayot ildizlarini o‘zida mujassam qilgan bo‘lishi mumkinligidan dalolat beradi. 

Olimlar uchun keyingi qadam ushbu impakt shishadan namuna olish bo‘ladi. Tekshiruvga nomzodlar orasida birinchisi – Xargreyvz krateri, yangi Mars roverining 2020 yilda taxminiy qo‘nadigan joyi.

 

Uchib o‘tuvchi kometalar Mars magnitosferasini “silkitmoqda”

2014 yilning sentabrida MAVEN (Mars Atmosphere and Volatile EvolutioN) kosmik apparati Mars orbitasiga chiqdi. Atigi bir necha hafta o‘tib, zond noyob hodisaning guvohi bo‘ldi – uchib o‘tayotgan kometa Qizil sayyoraga juda yaqin keldi.

Sayding-Spring nomi bilan mashhur bo‘lgan C/2013 A1 kometasi 2013 yilda topilgan. Dastlab olimlar uning Marsga tushishini taxmin qilishgandi, ammo ikki obekt 140 000 kilometr masofada bir-biridan uzoqlashgan. 

Tadqiqotchilarni bunday yaqinlashish natijasida hosil bo‘lishi mumkin bo‘lgan effektlar qiziqtirib qo‘ydi. Marsning magnitosferasi zaif bo‘lgani bois, olimlar kometaning yaqinlashishi natijasida uning barqarorligiga ta'sir ko‘rsatuvchi ionlarning kuchli otilishi sodir bo‘lganini ta'kidlashdi. NASA bu effektlarni kuchli, lekin qisqa muddatli quyosh bo‘ronlari bilan qiyosladi. Kometa yaqinlashganda uning magnit xususiyati kuchaygani tufayli Marsning magnit maydonini butkul xaos qamrab oldi. 

 

Marsning “irokez”i bor

2013 yilda Marsning atmosferasini o‘rganish uchun MAVEN kosmik qurilmasi jo‘natilgan. Zond kuzatuvlari natijasida to‘plangan ma'lumotlarga ko‘ra, Mars sayyorasining “irokez”i boriligini ko‘rsatgan kompyuter modeli yaratilgan. 

Marsning “noyob soch turmagi” aslida sayyora atmosferasining yuqori qismidan quyosh shamoli purkab chiqaruvchi elektron zaryadlangan zarralardan iborat. Quyosh shamoli yaqinlashishi natijasida hosil bo‘ladigan elektron maydon bu zarralarni qutblarga jalb qiladi. 

 

Marsning qishloq xo‘jalik bilan bog‘liq kelajagi

Agar haqiqatda Marsda yashashni istovchilar bo‘lsa, avval ularni ta'minlash usullarini ishlab chiqish kerak. Vageningen universiteti (Niderlandiya) olimlarining so‘zlariga ko‘ra, Mars tuprog‘iga ekish mumkin bo‘lgan 4 xil qishloq xo‘jalik mahsuloti aniqlangan. Bular – pomidor, rediska, javdar va no‘xat. Olimlar shunga doir tadqiqot o‘tkazib, bunga ishonch hosil qilishdi. Marsda ekilgan mahsulotlarda og‘ir metallarning (kadmiy va mis) yuqori konsentratsiyasi bo‘lsa-da, ularning hajmi xavf tug‘dirmaydi, shu bois ular iste'molga yaroqli hisoblanadi. 

 

Marsning sirli barxanlari

Mars barxanlari ham rover va orbital zondlarning kuzatuv obektiga aylangan, biroq yaqinda Yerda Mars Reconnaissance Orbiter apparati tomonidan suratga olingan tasvirlar paydo bo‘ldi. Shuni tan olish kerakki, olingan suratlar olimlarni o‘ylantirib qo‘ydi. 2016 yilning fevralida kosmik apparat Morze alifbosida qo‘llanuvchi “nuqta va tire” tinish belgilarini eslatuvchi ajoyib shakldagi barxanlar aks ettirilgan suratni taqdim etgan.

Taxminlarga ko‘ra, bunday g‘aroyib shakldagi barxanlar ularning yaqinida joylashgan impakt krateri tufayli shunday ko‘rinish olgan, zero kraterlar ularga o‘tadigan qum hajmini cheklab qo‘ygan. “Tire” shaklidagi barxanlar esa ikki yo‘nalishdan esuvchi shamollar natijasida hosil bo‘lgan. 

Shunga qaramay, “nuqta-barxanlar” tabiati avvalgidek jumboqligicha qolmoqda. Odatda bunday shakl barxanlarning to‘liq shakllanishiga nimadir halaqit berganda hosil bo‘ladi. Olimlar bu mintaqani o‘rganishda davom etib, ushbu jumboqning javobini izlashda davom etishadi. 

 

Mars minerallari siri

2015 yilda «Kyuriositi» roveri yordamida o‘rganilgan Mars mintaqasi NASA olimlari uchun javobdan ko‘ra ko‘proq savol tug‘dirdi. 

Bu yerda kremniy dioksidning favqulodda yuqori konsentratsiyasi kuzatildi. Ba'zi toshlarda u 90 foizni tashkil qiladi. Kremniy dioksidi Yerdagi tosh va minerallarda (ayniqsa kvarsda) ko‘p uchraydigan kimyoviy komponent hisoblanadi. 

«Kyuriositi» roverini boshqaruvchi jamoa a'zolaridan biri Albert Yyenning so‘zlariga ko‘ra, kremniy dioksidning yuqori konsentratsiyasiga ega bo‘lish uchun odatda boshqa komponentlar bilan aralashuv jarayoni yoki bu komponentlar hosil bo‘lishi mumkin bo‘lgan muhit talab qilinadi. Boshqacha qilib aytganda, buning uchun suv kerak bo‘ladi. Shu bois Marsda kremniy dioksidning hosil bo‘lishiga doir masalaning hal etilishi olimlarga qadimiy Mars sayyorasi qanday bo‘lgani haqida yaxshiroq tasavvurga ega bo‘lish imkonini beradi.

«Kyuriositi» bu toshlardan namunalar olganida, ular yanada ko‘p hayratga sabab bo‘ldi. Ma'lum bo‘lishicha, ularda tridimit nomli mineral bor ekan. Bu mineral Yerda juda kamdan-kam uchraydi, Marsda esa u deyarli hamma joyda bor. Tadqiqotchilar uning qanday qilib Marsda paydo bo‘lgani haqida bosh qotirishmoqda. 

 

Oq sayyora

Shunday paytlar bo‘lganki, mashhur Qizil sayyora avval ko‘proq oq bo‘lgan. Boulderdagi (Kolorado, AQSh) Janubiy tadqiqot instituti astronomlarining fikricha, sayyora nisbatan yaqinda “qizil tusga kirgan” (Muz davrini boshdan kechirgandan keyin). 

Olimlar Marsning shimoliy qutbidagi muzliklar qatlamini kuzatib, shunday xulosaga kelishgan. Buning uchun ular Mars Reconnaissance Orbiter apparatiga o‘rnatilgan Shallow Subsurface Radar ilmiy uskunasidan foydalanishgan. 

Olimlar ana shu uzoq to‘lqinli skaner tufayli Marsning muz qatlamini 2 kilometrgacha kuzatish imkoniga ega bo‘lishdi va ikki o‘lchamli sxema yaratishdi, mana shu sxema sayyoraning 370 000 yil avval juda kuchli muzlik davrini boshdan o‘tkazganini ko‘rsatdi. Bundan tashqari olimlar taxminan 150 000 yildan keyin sayyorani yana bir muzlik davri kutayotganini aniqlashdi.

 

Marsning yerosti vulqonlari

Tridimit odatda vulqonli jinslarda uchraydi, shu bois uning Marsda mavjudligi o‘tmishda sayyorada ko‘p vulqonlar sodir bo‘lganidan dalolat berishi mumkin. Mars Reconnaissance Orbiter apparati yordamida olingan yangi dalillar qachonlardir Marsda muz tagida vulqonlar ko‘p bo‘lganligiga ishora qiladi.

Zond Sisyphi Montes mintaqasini o‘rganib chiqdi va olimlar uning shakl jihatidan Yerda muz ostida sodir bo‘ladigan vulqonlarga o‘xshash yassi tog‘ tizmalaridan tashkil topganligiga doir ma'lumot olishdi.

Vulqon otilganda uning kuchi shu qadar kuchli bo‘ladiki, u muz qatlamini yorib chiqqan va havoga katta miqdordagi kul chiqargan. Bunday vulqonlar otilishi natijasida ko‘plab turli xil jinslar va minerallar hosil bo‘ladi. Sisyphi Montes’da ham xuddi shunday jinslar topilgan. 

 

Marsning qadimgi megasunamisi

Olimlar Qizil sayyorada qachonlardir shimoliy okean bo‘lgan yo bo‘lmaganligi haqida avvalgidek ko‘p bahslashishadi. Bu borada olib borilgan yangi tadqiqot okeanning haqiqatda bo‘lganligiga hamda u yerda gigant sunamilar ko‘tarilganligiga ishora qiladi.

Bu yerlarda qachonlardir okean bo‘lganligining yagona dalili noaniq sohil chiziqlari hisoblanadi. Bu yerda megasunamilar sodir bo‘lganligi to‘g‘risidagi taxminga ishonadigan bo‘lsak, sohil chiziqlarining nima uchun bunday noaniq ekanligini izohlash mumkin bo‘ladi. 

Ushbu g‘oyani ilgari surgan olimlardan biri Aleks Rodrigezning aytishicha, bu gigant sunami to‘lqinlari 120 metr balandlikkacha chiqqan. Ular uch million yilda bir marta sodir bo‘lganligi taxmin qilinadi.

Rodrigez sohil chiziqlari yonida joylashgan kraterlarni o‘rganishga juda qiziqadi. Tsunami natijasida bu kraterlar suvga to‘lib, uni million yil saqlab qolgan bo‘lishi mumkin. Bu esa qadimiy hayot ildizlarini izlash uchun ajoyib sabab.

 

Marsda Arktika okeanidan ko‘p suv bo‘lgan

Olimlar Qizil sayyorada qachonlardir juda ko‘p suv bo‘lganligi haqidagi fikrga qo‘shilishmoqda. NASA bu yerda butun sayyorani qoplashga yetarli hamda chuqurligi 140 metrli okeanni hosil qilgan suv bo‘lgan, deb hisoblaydi. Olimlarga ishonadigan bo‘lsak, Marsda Arktika okeanidan ko‘p suv bo‘lgan. Marsdagi okean sayyora hududining 19 foizini egallagan bo‘lishi mumkin. 

Olimlar Havayidagi Keka rasadxonasi va Chilidagi Juda katta teleskop yordamida amalga oshirilgan kuzatuvlarga asoslanib, ana shunday xulosalarga kelishgan. Hozirda Marsning atmosferasida ikki xil shakldagi suv mavjud: H2O va HDO (og‘ir suv - odatiy vodorod molekulalari vodorod izotopi deyteriyga o‘zgartirilgan). 

Olimlar olib borgan tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, Mars o‘z suv zahirasining 87 foizini yo‘qotgan.