Jahon | 11:17 / 10.08.2016
18359
3 daqiqa o‘qiladi

OAV: Erdo‘g‘an Peterburgga tashrifi chog‘ida o‘zini noqulay his qilgan

Foto: RIA Novosti

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Sankt-Peterburgga tashrifi chog‘ida "Rossiyada oshkora ravishda o‘ziga joy qidirdi", deb yozmoqda Washington Post nashri RF prezidenti Vladimir Putinning turk yetakchisi bilan o‘tkazgan muzokaralari yakuniga bag‘ishlangan maqolasida. 

Gazeta ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar taranglashganidan so‘ng birinchi marta amalga oshirilgan ushbu tashrif, Erdo‘g‘anning omadsizlikka uchragan davlat to‘ntarishidan keyingi ilk xorijiy safari ekanini ham ta'kidlagan. Amerikalik jurnalistlarning fikricha, turk yetakchisi "Rossiyada o‘zi uchun qulaylik qidirgan". Umuman, kuzatuvchilar Erdo‘g‘an hatti-harakatlarida yaqin o‘tmishda sodir bo‘lgan "Moskvaga nisbatan dushmanona siyosatning tom aksiga guvoh bo‘lishgan". 

Gazeta o‘quvchilar e'tiborini Erdo‘g‘anning Putinga "mening qadrli do‘stim" deb murojaat qilishi hamda "davlat to‘ntarishiga urinishdan so‘ng, zudlik bilan yordam ko‘rsatgani uchun" ko‘p marta tashakkur izhor qilganiga qaratgan. Bundan tashqari, nashrning iqtibos keltirishicha, turk yetakchisi "ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar inqirozdan oldingi va balki undan ham yuqoriroq darajaga qaytishini" bir necha marotaba ta'kidlagan.

Ayni vaqtda, Washington Post nashriga ko‘ra, "ehtimol, muzokaralar G‘arbning Turkiya siyosiy yo‘nalishi borasida xavotirlariga sabab bo‘lar, chunki bu yerda davlat to‘ntarishiga urinishdan keyin davlatni boshqarishning avtoritar usullari tobora ko‘proq kuzatilmoqda".

Ayni chog‘da, Putin va Erdo‘g‘an, Rossiya bombardimonchi samolyotining urib tushirilganidan so‘ng, birinchi marta uchrashayotganlari bois, "oliy darajadagi muzokaralar natijalariga ta'sir etishi mumkin bo‘lgan mavzularni muhokama qilishmagan".

Gazeta shuningdek, Vashington Yaqin sharq institutining Turkiya dasturi rahbari Soner Chag‘aptoyning qarashini ham keltiradi. U, Putin va Erdo‘g‘anning uchrashuviga katta ahamiyat qaratgan. Uning fikricha, rasmiy Anqaraning tashqi siyosati "hozirda ikki yo‘l boshida turibdi". Chag‘aptoyning aytishicha, "so‘nggi vaqtlarda ilk marotaba Turkiyaning NATOga a'zoligi borasida jiddiy munozaralar bo‘lib o‘tmoqda", mamlakatdagi ko‘plab rasmiy shaxslar, Turkiya haqiqatdan ham Rossiya bilan yaqinlashadimi?, degan savolni muhokama etmoqda. Ekspertning ta'kidlashicha, Erdo‘g‘an "bunday keskin burilishni osongina amalga oshira oladi".