Jahon | 23:49 / 10.08.2016
10763
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya oliy sudi "Tojik mehnat migrantlari" harakatini tarqatib yubordi

Rossiya oliy sudi Rossiya adliya vazirligining "Tojik mehnat migrantlari" ("Tadjikskiye trudovyye migranty" ) Umumrossiya jamoatchilik tashkilotini qurultoylari nizomida va bayonnomalarida aniqlangan qoidabzarliklar uchun tarqatib yuborish haqidagi da'vo arizasini qondirdi. Ma'lum qilinishicha, tashkilot o‘zining umumrossiya tashkiloti maqomini tasdiqlamagan va adliya vazirligiga strukturaviy boshqarmalari haqida noto‘g‘ri ma'lumotlar bo‘lgan hujjatlarni taqdim qilgan. 

Adliya vazirligi vakili sudda tashkilot qurultoylari bayonnomalarini tegishlicha rasmiylashtirmaslik bilan bog‘liq ko‘plab qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ygani va so‘ralgan hisobotlarni bermaganini aytgan. Vazirlikning fikricha, harakat o‘zining umumrossiya tashkiloti maqomini tasdiqlay olmagan, chunki tashkilotning hududiy bo‘linmalari ro‘yxatiga Rossiyaning faqatgina 38 ta sub'yekti kiritilgan. Vaholanki, buning uchun kamida 43 ta sub'yekt bo‘lishi kerak. 

"Tojik mehnat migrantlari" harakati 2008 da tashkil etilib, shu yili ro‘yxatdan o‘tkazilgan. U ro‘yxatdan o‘tgan vaqtda 46 ta hududiy bo‘linmasini o‘z ichiga olgan.