Jamiyat | 15:51 / 12.08.2016
11234
2 daqiqa o‘qiladi

Atambayev Qirg‘iziston fuqarolarini "qora ro‘yxat"dan chiqarishni so‘rab Putinga xat yozdi

Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayev Rossiya prezidenti Vladimir Putinga qirg‘izistonlik muhojirlarni "qora ro‘yxat"dan chiqarishni so‘rab xat yo‘llagan. Bu haqda Qirg‘iziston mirgatsiya xizmati rahbari o‘rinbosari Almazbek Asanbayev matbuot anjumani vaqtida ma'lum qildi.
 
Uning qayd etishicha, davlat rahbari xatni 2 hafta muqaddam yo‘llagandi. 

«O‘ylaymanki, Rossiyadagilar bu maktubni qabul qilib olishgan. Qanday qaror qabul qilishgan bo‘lsa ham, biz barcha o‘zgarishlar haqida xabardor qilamiz», - degan amaldor.
 
Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda RF "qora ro‘yxati"da yana 119 ming nafar qirg‘izistonlik qolmoqda. Uning eslatishicha, 2015 yil boshida ro‘yxatdagi qirg‘izistonliklar soni 194 ming nafar edi. Qirg‘iziston va Rossiya hukumatlari o‘rtasidagi muzokaralar natijasida 2015 yil oxirida bu miqdor 74 ming kishiga tushirilgandi.