Jahon | 08:50 / 13.08.2016
15893
5 daqiqa o‘qiladi

13 avgust - Xalqaro chapaqaylar kuni

Har yili 13 avgustda norasmiy ravishda Xalqaro Chapaqaylar kuni (International Lefthanders Day) nishonlanadi. 1984 yilda YuNeSKO 13 avgustda Chapaqaylar kunini nishonlash borasida qaror qabul qildi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad chap qo‘lidan ko‘proq foydalanayotganlarga e'tibor qaratishdan, ular uchun mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirishdan iborat. Ma'lumki, bir qator mamlakatlarda chapaqaylarni o‘ng qo‘lda yozishga majbur qilish hollari ham uchrab turardi. Xalqaro Chapaqaylar kunining o‘tkazilishidan asosiy maqsad ham mana shu kabi noxush holatlarga barham berishga qaratilgan. Birinchi o‘n yillikda bu bayram tor doirada nishonlangan. Keng jamoatchilik uzoq muddat Chapaqaylar kuniga e'tibor qaratmay kelgan.

Ayrim ma'lumotlarga ko‘ra, ilk bor Xalqaro chapaqaylar kuni 1976 yilning 13 avgustida Lefthanders International tashkilotining tashabbusiga ko‘ra nishonlangan edi. Biroq boshqa manbalar birinchi Xalqaro Chapaqaylar kuni 1992 yilning 13 avgustida Britaniya chapaqaylar klubi tomonidan o‘tkazilganini aytishadi. 

AQShda o‘tkazilgan 1991 yilgi tadqiqotlarga ko‘ra, boshqalarga nisbatan chapaqaylar ko‘proq ishlab chiqarishdagi falokatlarda jarohat olar  va  vafot etar ekan.

Tahlilchilarning fikricha, sayyoramizda istiqomat qilayotgan aholining 15 foizini chapaqaylar tashkil qiladi. Yoki har yetti kishidan biri chapaqaylardir. Chapaqay deganda o‘ng qo‘lidan ko‘ra ko‘proq chap qo‘lini ishlatayotganlarga aytiladi. Ular ovqat yeyish, yozish va boshqa hamma zarur ishlarni chap qo‘lda bajarishadi. Chapaqaylar maishiy hayotda bir qator qiyinchiliklar bilan to‘qnash keladi. Bu borada yozish qurollari, kompyuter sichqonchasi, oshxona jihozlari va boshqa buyumlar o‘naqaylarga mo‘ljallab ishlab chiqarilgani aniq. 

Ayollarga nisbatan ko‘proq erkaklar chapaqay bo‘lar ekan. Chapaqaylar eng ko‘p istiqomat qiladigan mintaqalar qatoriga Janubiy Osiyo, Sharqiy Yevropa, Janubiy-Sharqiy Osiyo va Avstraliyani kiritish mumkin. Janubiy yarim shar ko‘proq chapaqay ekani aytiladi. Ayni damda yer yuzidagi chapaqaylarning soni 500-800 million atrofida ekani ma'lum qilingan. Yevropada tug‘ilayotgan chaqaloqlarning 10 foizini chapaqaylar tashkil qiladi. Yil sayin chapaqay bo‘lib tug‘ilayotgan chaqaloqlar soni ortib bormoqda. Shu sababli ham Xalqaro Chapaqaylar kuni yer yuzidagi millionlab kishilarning bayrami, desak xato qilmaymiz.

Katta yoshga yetgach chapaqaylar artist, rassom, yozuvchi bo‘lib yetishishadi. Ular qilichbozlik va stol tennisi bilan shug‘ullanishni sevishadi. 2014 yil oktabridagi holatga ko‘ra, jahondagi eng zo‘r tennischining 20 nafari chapaqay bo‘lgan.

Ruhshunoslarning fikricha, chapaqaylar kuchli xarakter va katta ijodiy imkoniyatlar sohibi bo‘lar ekan. Masalan, chap qo‘lda ijod qilganlar sifatida Aristotel, Mark Tven, Leonardo da Vinchi, Mikelanjyelo, Betxoven, Sergey Raxmaninov, Pol Makkartni, Ringo Starr, Merilin Monro, Robert de Niro ko‘riladi. Yuliy Tsezar, Aleksandr Makedonskiy, Napoleon Bonapart, Qirolicha Viktoriya, Uinston Cherchill va Janna D'Arklar ham chapaqay bo‘lgan. AQSh prezidentlaridan Jyerald Ford, Ronald Reygan, Katta Jorj Bush, Bill Klinton va Barak Obamani ham chapaqay bo‘lgani ma'lum. Fidel Kastro ham chapaqay.

13 avgustda chapaqaylar ishtirokida turli tadbirlar o‘tkaziladi. Bu tadbirlarda ishtirok etadigan o‘naqaylarga faqat chap qo‘ldan foydalanish tavsiya etiladi.

Xalqaro Chapaqaylar assotsiatsiyasining qarorgohi AQShning Kanzas shtatidagi Topika shahrida joylashgan. Mazkur Assotsiatsiya tomonidan “Chapaqaylar to‘g‘risida Bill” qabul qilingan. 
Ruhshunoslarning fikricha, kelajak chapaqaylarniki ekan. Oradan yuz yillar o‘tib, o‘ng qo‘llilar kamayib ketar ekan. Ana o‘shanda hozirgidek Chapaqaylar singari O‘ng qo‘llilar kuni nishonlansa ajab emas. Shu sababli chapaqaylarga e'tiborsiz bo‘lmasligimiz kerak. Mabodo xonadoningizda kimdir chapaqay bo‘lsa, unga bee'tibror bo‘lmang. U ishlatadigan biror bir buyumni sovg‘a qilishni unutmang. Ularni kamsitish emas, balki rag‘batlantirish kerak. Bu borada AQSh, Fransiya, Buyuk Britaniya va Germaniya tajribasini qo‘llash kerak. Bu mamlakatlardla chapaqaylarni o‘ng qo‘lda ishlashga majbur qilishmaydi, balki chapaqaylar uchun barcha shart-sharoit va imkoniyatlar yaratib beriladi.

Sharofiddin To‘laganov / Tnews.uz