Sport | 17:22 / 23.08.2016
21800
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda olimpiyachilarni munosib kutib olishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda

O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi a'zolari bugun soat 20-00da Toshkentga yetib keladi. Ularni Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olish marosimiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

O‘zbekiston respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri o‘rinbosari B. Usmonov Toshkent shahrida joylashgan barcha oliy ta'lim muassasalari rektorlariga kutib olish marosimida talaba yoshlar (mas'ul etib biriktiriilgan o‘qituvchilar hamrohligida) ishtirok etishini ta'minlashni ko‘rsatma bergan.

Kutib oluvchilar Toshkent shahrining Nukus va Oybek ko‘chalarining ikki tarafida, yorqin liboslarda bir qator bo‘lib joylashishi ko‘zda tutilgan.

Delegatsiyasini aeroportdan kerakli manzilgacha yetkazish uchun maxsus tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Toshkentga buyurtma orqali olib kelingan ikki qavatli Higer avtobuslari olimpiyachilarni kutib olishga shay holatga keltirilmoqda.

«Sports.uz» nashri olimpiyachilarni kutib olishga tayyorlanayotgan avtobuslar fotosuratlarni taqdim qildi.

Eslatib o‘tamiz, Rio-2016 olimpiadasida o‘zbekistonlik sportchilar tarixdagi eng yaxshi natijani ko‘rsatib, 4 oltin, 2 kumush va 7 bronza medalini qo‘lga kiritishdi hamda 207 delegatsiya qatnashgan olimpiadaning umumiy reytingida 21-o‘rinni egalladi. Bu MDH mamlakatlari ichida Rossiyadan keyingi ikkinchi, Osiyo mamlakatlari qatorida esa Xitoy, Yaponiya va Janubiy Koreyadan keyingi to‘rtinchi natija bo‘ldi.

Mavzuga oid