O‘zbekiston | 11:16 / 31.08.2016
32787
2 daqiqa o‘qiladi

Ilk Boeing-787 Dreamliner samolyoti “Toshkent” aeroportiga qo‘ndi

“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi 2016 yilning 31 avgust kuni ikki Boeing-787 Dreamliner samolyotidan birini qo‘lga kiritdi.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” ranglari tushirilgan Boeing-787 Dreamliner avialayneri bugun, soat 10:00da “Toshkent” xalqaro aeroportida qo‘nishni amalga oshirdi. Shu bilan O‘zbekiston aviakompaniyasi Boeing-787 Dreamliner’ning yangi ekspluatantiga aylandi. 

Samolyot Siyetldan Toshkentga 12 soat davomida to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvoz qildi. Yangi Boeing-787 Dreamliner’ni uchuvchi instruktor Iosif Zak, samolyot qo‘mondoni Asadjon Tursunov va aviakompaniyaning bosh shturmani Stanislav Gurfinkellar boshqarishdi. 

Havo kemasini kutib olishga bag‘ishlangan tantanali marosim Toshkentda davlat organlari va aviakompaniya rahbariyati ishtirokida bo‘lib o‘tdi. 

Yangi samolyot uzoq hamda juda uzoq xalqaro yo‘nalishlarda ekspluatatsiya qilinadi va Toshkent-Nyu-York yo‘nalishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlarni amalga oshirish imkonini beradi. 

Boeing 787 Dreamliner — keng fyuzelyajli ikki motorli reaktiv yo‘lovchi samolyoti. Yo‘lovchilarning maksimal soni: 250 nafardan 330 nafargacha.

Boeing kompaniyasining ta'kidlashicha, Dreamliner avvalgi samolyotlarga qaraganda ancha tejamkor bo‘ladi. Boeing 787 bunday o‘lchamdagi ilk yo‘lovchi samolyoti bo‘ldi, uning fyuzelyaji to‘liq kompozit materiallardan tayyorlangan. 

“O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK va Boeing kompaniyasi ikki Boeing-787-800 Dreamliner samolyoti va zahira dvigateli xaridiga doir shartnoma tuzgan. 

Shartnoma qiymati 246,4 million dollarni tashkil qiladi. O‘zbekiston Respublikasining Tiklanish va taraqqiyot fondi samolyotlar xaridini moliyalashtirish maqsadida 223,2 million dollar kredit ajratdi. 

 

Mavzuga oid