O‘zbekiston | 11:26 / 04.09.2016
27359
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston bo‘ylab motam marosimlari o‘tkazilmoqda

O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning vafoti munosabati bilan mamlakatning barcha hududlarida motam marosimlari o‘tkazilmoqda.

Jumladan, Nukus shahar Yoshlar markazida motam marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi, Nukus shahar hokimligi, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi, keng jamoatchilik vakillari, yoshlar ishtirok etdi. Bunday tadbirlar Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha shahar va tumanlarida o‘tkazilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov vafoti munosabati bilan Surxondaryo viloyatida ham motam marosimlari o‘tkazilmoqda.

Termiz shahar Yoshlar markazi binosida tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari, keng jamoatchilik vakillari, yoshlar Prezident xotirasiga ta'zim bajo keltirdi.

«Xalqimiz og‘ir judolikka uchradi, — dedi termizlik mehnat faxriysi Robiya Tilakova. — Vatanni sevish, insonni, farzandlarini ulug‘lashni dunyoga keng namoyon etgan xalqparvar Yurtboshimizdan ayrilib koldik. Mamlakatimizda amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari samarasidan yoshu keksa birdek bahramand bo‘lmoqda. Kadrlar tayyorlash milliy dasturi doirasida qad rostlagan zamonaviy ta'lim muassasalari, sport inshootlari navqiron avlodning baxtu kamoliga xizmat qilayotir. Milliy qadriyatlarimiz qayta tiklanib, buyuk ajdodlarimiz mangu qo‘nim topgan muqaddas qadamjolarni avaylab-asrashdek ezgu ishlar ro‘yobi ham Islom Karimov xizmatlari samarasidir. Xalqimiz Prezidentimizning yorqin xotirasini hech qachon unutmaydi».

Bundan tashqari, Andijon viloyatining barcha tuman va shaharlarida motam tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Erta tongdan korxona, tashkilot va ta'lim muassasalari vakillari, yoshlar, umuman, minglab andijonliklar Andijon shahridagi Bobur nomidagi maydonga kelib, Prezident portreti poyiga gulchambarlar qo‘ydi. Andijon viloyati hokimligida Islom Karimovning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan «Xotira xonasi» tashkil etildi. Bu yerda mustaqillik yillarida Prezident rahnamoligida erishilgan ulkan yutuq va marralarini aks ettiruvchi fotosuratlar, davlat rahbarining kitoblari o‘rin olgan. Ulkan ekran orqali Prezident Islom Karimovning Andijon viloyatiga tashriflari va andijonliklar bilan samimiy suhbatlari tasvirlangan videolavhalar namoyish etildi.

Viloyat markazidagi Bobur nomidagi maydonda, tuman va shaharlar markazlarida o‘tkazilgan motam marosimlarida o‘n minglab fuqarolar O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasiga ehtirom ko‘rsatdi.

Mavzuga oid