O‘zbekiston | 22:59 / 05.09.2016
22241
10 daqiqa o‘qiladi

Istiqlolimiz rahnamosi

Jafokash xalqimizning boshiga ko‘p musibatlar tushgan. Zero, Alloh taolo suygan bandasiga turli sinovlar, imtihonlar yuborib, uning iymonini, irodasini po‘latni o‘tda toblagandek toblab turar ekan. O‘zbekiston xalqi ham so‘nggi asrlar davomida ayniqsa ko‘p zahmatlar chekdi, mustabid tuzumning asoratida qoldi. Biroq, erksevar xalqning metin irodasini, porloq kelajakka, hurriyatga bo‘lgan ishonchini hech narsa sindira olmadi. Parvardigorimizning inoyati ila xalqimiz ichidan buyuk o‘g‘lonlar, asl qahramonlar yetishib chiqib, Vatan ozodligi, yurt obodligi yo‘lida ulkan ishlar qilib, ismlari tariximizga zarhal harflar bilan yozilib qoldi.

Salkam yuz yil davom etgan istibdod davomida erkidan, dinidan, tarixidan, tilidan ayrilayozgan xalqimizning dardiga ana shunday ulug‘ farzandlardan biri malham bo‘ldi. Hurriyat bayrog‘ini baland ko‘tarib, dunyo xaritasiga O‘zbekiston deb atalmish mustaqil davlatni paydo qilgan bu inson O‘zbekiston Respublikasining birinchi prezidenti, mustaqilligimiz asoschisi, buyuk davlat va jamoat arbobi, O‘zbekiston Qahramoni Islom Abdug‘aniyevich Karimov edi.

Bu insonga insoniyat tarixida kamdan-kam odamlarga beriladigan baxt nasib etdi. Bu baxt – ona xalqini zulmatdan nurga, qullikdan ozodlikka olib chiqish, uni taraqqiyot va ezgulik yo‘liga boshlash, porloq istiqbol yo‘lini ko‘rsatib berishdir. Bunday sharaf tarixi, o‘tmishi buyuk xalqimizning, bashariyatga ko‘plab ulug‘ zotlarni bergan zaminimizning ulug‘ farzandlariga nasib bo‘lgan edi, O‘zbekiston Respublikasining birinchi prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovga ham nasib etdi. 

Bugun muhtaram yurtboshimizni so‘nggi yo‘lga kuzatar ekanmiz, u kishining rahbarligi ostida bosib o‘tilgan shonli tariximizga bir nazar tashlab, erishilgan muvaffaqiyatlarni sarhisob qilsak, u kishining Vatan oldidagi, el-yurt tinchligi va farovonligi yo‘lidagi buyuk xizmatlarini yaxshiroq anglaymiz.

Xalqimiz mustaqillikning murakkab vaziyatli dastlabki kunlarini, turli fitnalar tahdid solib turgan tahlikali davrlarni Islom Karimov rahnamoligi ostida yengib o‘tib, tinchlik, bunyodkorlik, tinch-osoyishta va farovon hayot sari dadil qadam tashlay boshladi. Yurtboshimiz g‘oyat og‘ir ijtimoiy-iqtisodiy ahvolga tushib qolgan respublikani muqarrar halokatdan saqlab qolishga, chigal vaziyatni qisqa vaqt ichida tubdan o‘zgartirishga erishdi. 

Hurriyat tongi otib, istiqlol quyoshi charaqlagan sari yurtimizda iqtisodiy yuksalish, diniy erkinlik, bag‘rikenglik, o‘zlikni anglash, tiklanish shamollari esa boshladi. 

Yurt ham moddiy, ham ma'naviy jihatdan obod bo‘ldi: Vatanimizda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshdi, iqtisodiyotda qator tarmoqlar rivojlandi, yangilariga asos solindi, ko‘plab sanoat obektlari barpo etilib, ishga tushirildi; Ramazon va Qurbon hayitlari dam olish kuni deb e'lon qilindi, ibodatlar emin-erkin bajarila boshladi, yangi masjidlar, madrasalar qurildi, ta'mirlandi, minglab yurtdoshlarimiz haj va umra safariga otlandi. Har bir yangi o‘quv yilining boshida maktabga ilk qadam qo‘ygan bolajonlarga Prezident sovg‘asi topshirilib, farzandlarimiz yurtboshimiz bergan qalam-qog‘oz bilan xat-savod chiqarishdi, ilm-fan sohasida, madaniyat va sport sohasida katta muvaffaqiyatlarga erishishdi, jahon sport maydonlarida ulkan g‘alabalar qozonishdi va qozonishmoqda.
«Yaxshidan bog‘ qoladi», deydi dono xalqimiz. Mustaqillikning chorak asrlik solnomasi ming-minglab bino va inshootlar, yangi yo‘llar, ko‘priklar va boshqa ko‘plab qurilish obektlari bilan to‘lib-toshdi. Shu qisqa muddat ichida O‘zbekiston dunyoda iqtisodiyoti eng jadal sur'atlar bilan rivojlanayotgan beshta davlat qatoridan joy oldi, yurt obodligi, Vatan sarhadlarining daxlsizligi, xalq hayotining tinchligi, turmush farovonligi ta'minlandi. 
Shu yillar davomida O‘zbekiston tinchlikparvar, xalqparvar tashqi siyosat olib boruvchi, barqarorlikni, har qanday mojarolarni faqat tinch yo‘l bilan hal qilishni yoqlovchi kuchli davlat sifatida jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egalladi.
Yurtboshimiz milliy-ma'naviy qadriyatlarimizga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, muqaddas dinimiz, urf-odatlarimiz, bebaho tarixiy merosimizni asrab-avaylash va rivojlantirishni davlat siyosati darajasiga ko‘tardi, xalqaro maydonda O‘zbekistonning obro‘-e'tiborini oshirishga katta hissa qo‘shdi.
Islom Abdug‘aniyevich Karimovning fidokorona mehnatini, yurtda tinchlik va milliy totuvlikni ta'minlashga qo‘shgan ulkan hissasini xalqimiz munosib taqdirlab, O‘zbekiston Qahramoni unvoni, «Mustaqillik» va Amir Temur ordenlari bilan taqdirladi. 

Murakkab geosiyosiy vaziyatlarda, millat taqdiri, Vatan taqdiri, nafaqat yurtimiz hududida, balki O‘rta Osiyo mintaqasidagi barcha xalqlar taqdiri hal qilinayotgan og‘ir sharoitlarda yurtboshimiz qat'iyat bilan, metin iroda bilan faqat tinchlik yo‘lini tanladi, O‘zbekistonning mustaqilligini, xalq manfaatlarini himoya qildi, og‘ir sinovlardan sharaf bilan o‘tdi.

So‘nggi yillarda xalqaro vaziyat og‘irlashib, dunyoning turli chekkalarida birodarkushlik urushlari, bosqinchilik, mutaassiblik olovi tobora kuchaygan sari, nafaqat yurtimizda, balki butun dunyoda yurtboshimiz tanlagan yo‘lning, iqtisodiy-ijtimoiy siyosatdagi o‘zbek modelining qanchalik to‘g‘ri ekani e'tirof etila boshlandi.

Tabiiyki, xalqimiz bu ulug‘ insonning ulkan xizmatlarini yuksak qadrladi. Yurtboshimiz xalqning samimiy mehr-muhabbatini qozondi, elning ardog‘ida bo‘ldi. Prezidentimiz har bir bayramda, har bir shodiyonada xalqimizning olqishlari ostida nutq so‘zlab, barchamizni muborakbod etar, el-yurtning quvonchiga sherik bo‘lardi. Shuning uchun ham o‘zbek xalqi bu yilgi istiqlol bayramini alohida hayajon bilan kutayotgan, mustaqilligimizning chorak asrlik to‘yini alohida quvonch bilan, o‘zgacha bir shukuh bilan nishonlashga tayyorlanayotgan edi. Yigirma besh yillik shonli yo‘lning sarhisobiga o‘zgacha taraddud ko‘rilardi. Ammo yigirma besh yillik tinimsiz og‘ir mehnat, ulkan mas'uliyat oddiy bir inson uchun juda katta sinov edi. Bu sinov mezonining bir pallasiga yurt obodligi, Vatan ozodligi qo‘yilgan bo‘lsa, bir pallasiga ana shu ulkan mas'uliyatni zimmasiga olgan insonning salomatligi, hayoti qo‘yilgan edi. Ayni bayram arafasida yurtboshimizning salomatligi keskin yomonlashgani haqidagi xabar butun O‘zbekiston xalqini chuqur iztirobga soldi. Barcha vatandoshlarimiz davlatimiz rahbarining sog‘ayib ketishini so‘rab, duolar qilib turdilar. Ammo taqdir qalami bitgan ish amalga oshmay qolmaydi. Tirik jon borki, hayot intihosiga yuzlanadi, boqiylik esa faqatgina Alloh taologa xosdir.

Insonga berilgan hayot – intiho kuni belgilanmagan, ammo o‘sha kungacha hayotda o‘z yo‘lini, o‘z o‘rnini topib, buyuk maqsadlar yo‘lida, ezgu niyatlar yo‘lida solih amallar qilib qolish uchun berilgan muddatdir. Bu muddat, bu g‘animat fursatdan qanday foydalanishni har kim o‘zi hal qiladi, o‘z taqdirini o‘zi belgilaydi.

Biz bugun ana shu umr ne'matini xalq ozodligi yo‘lida, yurt tinchligi, farovonligi yo‘lida sarflagan, bor kuch-g‘ayratini, shijoatini, hayotini millatining, Vatanining sha'nini yuksaltirishga fido qilgan insonni so‘nggi yo‘lga kuzatdik.
Ishonamizki, yurtimiz uzra istiqlol quyoshi mangu porlagay, xalqimiz o‘zi tanlagan porloq istiqbol yo‘lidan dadil qadam tashlagay va bu yo‘lga asos solgan, bu yo‘ldan bizlarni boshlab borgan Yurtboshimizning ruhini shod aylagay!
Islom dini boqiy manzil sari otlangan insonning haqqiga xayrli duolar qilishni o‘rgatadi. Shunday ekan, dorulfanodan dorulbaqoga rihlat qilgan Yurtboshimiz oldidagi birodarlik, fuqarolik, vatandoshlik, insonlik burchimiz o‘laroq, u kishining haqlariga Alloh taolodan rahmatu mag‘firat so‘rab, duolarga qo‘l ochamiz:

Robbimiz! Vatanimizning istiqloli, xalqimizning tinchligi, farovon hayoti uchun qayg‘urib, shu yo‘lda umrini baxshida etgan bu bandangni mag‘firatingga olgin, rahmatingga burkagin, boradigan manzilini, yotadigan makonini tinch-osoyishta aylagin! Umri davomida qilgan barcha solih amallarini, sa'y-harakatlarini sadaqai joriya o‘laroq o‘ziga hamroh aylab, bu savob ishlar uchun va'da qilgan ajru mukofotlaring bilan siylagin! Ortda qolgan ahli-oilasi, farzandlari, yaqinlariga va butun O‘zbekiston xalqiga sabru jamil ato aylagin!

Rahmatulloh SAYFUDDINOV
Yunusobod tumani bosh imom xatibi, «Mirza Yusuf» jome masjidi imom xatibi

Manba: Mehrob.uz

Mavzuga oid