O‘zbekiston | 18:44 / 07.09.2016
26632
2 daqiqa o‘qiladi

Nyu-Yorkda Islom Karimov vafoti munosabati bilan BMT bayrog‘i tushirildi

O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning vafoti munosabati bilan 6 sentabr kuni BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohi oldidagi flagshtokda BMT bayrog‘i tushirib qo‘yildi. Bu haqda BMT yangiliklar markaziga asoslanib «Jahon» agentligi xabar bergan.

Islom Karimov xotirasiga hurmat belgisi sifatida BMTning Jyenevadagi bo‘limi binosi oldidagi flagshtokda ham tashkilot bayrog‘i tushirib qo‘yilgan, boshqa a'zo mamlakatlarning bayrog‘i esa yechib olingan.

BMT bosh kotibi Pan Gi Mun prezident Islom Karimovning hayotdan ko‘z yumganidan chuqur qayg‘uga botganini ma'lum qilgan edi. U marhumning oilasi, O‘zbekiston hukumati va xalqiga o‘z hamdardligini bildirgan.

BMT rahbari respublikaning birinchi prezidenti tomonidan O‘zbekiston va Birlashgan Millatlar Tashkiloti o‘rtasidagi mustahkam sherikchilikni ta'minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarga yuqori baho berdi.

«Islom Karimov 2009 yilda kuchga kirgan Markaziy Osiyoni yadrodan xoli hudud bo‘lishini ta'minlash bo‘yicha kelishuv amalga oshishi uchun faol harakat qilgan. BMT Bosh kotibi O‘zbekiston hukumati va xalqi bilan qalin aloqalarni saqlab qolish tarafdori hisoblanadi», deyilgan bayonotda.

Mavzuga oid