Jahon | 10:36 / 12.09.2016
19365
2 daqiqa o‘qiladi

Hillari Klintonga pnevmoniya tashxisi qo‘yildi

Foto: Reuters

AQSh prezidentligi uchun demokratlar partiyasidan nomzod bo‘lmish Hillari Klintonning shifokori unda pnevmoniya borligini qayd etdi.

Nomzodning matbuot xizmati rahbari Nik Merrill bundan oldinroq Klinton xonim 11 sentabr qurbonlari xotirasiga bag‘ishlangan marosim vaqtida o‘zini yomon his qilgani va marosim joyini tark etganini ma'lum qilgandi.

Shifokor Liza Berdakning ma'lum qilishicha, Hillari Klinton bir necha kundan buyon yo‘talayotgandi.

"Juma kungi tibbiy tekshiruvlardan keyin unga "o‘pka yallig‘lanishi" tashxisi qo‘yildi", deyilgan xabarda.

Shuningdek, Klintonga antibiotiklar qabul qilish va ta'tilga chiqish tavsiya qilingan.

Yakshanba kungi marosim vaqtida Klinton xonim issiq harorat ostida ko‘p vaqt qolgani (Tselsiy shkalasi bo‘yicha 26 daraja issiq harorat ostida 1,5 soat vaqt - tahr.) tufayli o‘zini yomon his qilgani aytilgandi.

Ikki soat o‘tgach maxsus ko‘zoynak taqib qaytgan Klinton muxbirlarning kameralariga qarata degan: "Men o‘zimni a'lo darajada his qilmoqdaman".

Bu hodisadan keyin shifokorlar uni yana qaytadan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishgan va uning ahvoli yaxshilanayotgani haqida xulosa qilishgan.

Bill Klinton prezidentligi davrida AQShning birinchi xonim bo‘lgan, hozirgi prezident Barak Obamaning birinchi muddatida AQSh Davlat kotibi sifatida ishlagan Hillari Klinton 8 noyabr kuni o‘tkaziladigan saylovda g‘alaba qozonish imkoniyatlari yuqori baholanayotgandi. Lekin keyingi vaqtlarda uning raqibi, respublikachilar partiyasidan nomzod bo‘lmish Donald Tramp oradagi farqni qisqartirib bormoqda.

Mavzuga oid