O‘zbekiston | 19:57 / 12.09.2016
48894
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Nursulton Nazarboyev bilan o‘zaro hamkorlik masalalarini muhokama qildi

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev O‘zbekiston prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev bilan alohida uchrashuvda muzokara o‘tkazdi. 

Qozog‘iston prezidentining matbuot xizmati xabar berishicha, uchrashuvda siyosatchilar ikki tomonlama munosabatlar masalasini muhokama qilgan.

Uchrashuvda yana bir bor Islom Karimovning o‘zbek davlatchiligi taraqqiyoti va ikki davlatning o‘zaro munosabatlariga qo‘shgan hissasi e'tirof etilgan.

Qozog‘iston prezidenti ikki davlat xoh ikki tomonlama, xoh xalqaro tashkilotlar faoliyati doirasida har qanday masala yuzasidan o‘zaro yechim topa olganini ta'kidlagan.

Qozog‘iston rahbari ikki davlat o‘rtasidagi "qardoshlik munosabatlarini" bundan buyon ham mustahkamlashda davom etish lozimligini qayd etib o‘tgan.

Bundan tashqari, Nursulton Nazarboyev va Shavkat Mirziyoyev ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari, shuningdek muhim hududiy va xalqaro mavzular bo‘yicha fikr almashdi.

Bundan avvalrooq, Nursulton Nazarboyev Samarqandga tashrifi doirasida Islom Karimov qabriga gul qo‘yib, uning xotirasiga hurmat bajo keltirgani, shuningdek marhumning oilasi bilan uchrashib, Qozog‘iston xalqi va shaxsan o‘z nomidan hamdardlik bildirgani haqida xabar qilingandi.

Mavzuga oid