Jamiyat | 22:28 / 13.09.2016
16900
2 daqiqa o‘qiladi

AQShlik ayol ustiga ikki kilogramm og‘irlikdagi laqqa baliq qulab tushdi

AQShda qariyb 15 metr balandlikdan ayol ustiga laqqa baliq qulab tushdi. Taxminlarga ko‘ra, baliq tasodifan yirtqich qush changalidan chiqib ketgan. Bu haqida Philly xabar beradi.

Fitnes-klubga ketayotgan mahal filadelfiyalik Liza Lobri (Lisa Lobree)ning ustiga tasodifan ikki kilogrammli laqqa baliq kelib tushdi. Guvohlar aytishicha, uncha uzoq bo‘lmagan yerda lochin yoki burgut uchib o‘tgan. Balki yirtqich qush o‘ljasini ushlab qola olmagan.

Lobrining so‘zlariga ko‘ra, bu juda ham og‘riqli bo‘lgan va u avvaliga nima bo‘lganini tushuna olmagan. Hodisa natijasida uning yuzi tirnalib, shishib qolgan. Ayol «juda ham yomon baliq hidi»dan qutilish uchun yarim soat yuvinishiga to‘g‘ri kelgan.

"Bu qandaydir ahmoqlik!", - deydi Liza Lobri

Qizning aytishicha, avvallari bunga o‘xshash hodisa hech ham sodir bo‘lmagan. Biroq u agarda baliq kichik bola ustiga qulab tushganida juda yomon asorat bo‘lishini qayd etgan.
 

Mavzuga oid