Jamiyat | 15:41 / 15.09.2016
6873
2 daqiqa o‘qiladi

Xyustonda  uyni o‘margan bolalar o‘g‘irlangan buyumlar ro‘yxatini qoldirishdi

Xyustonning (Texas shtati, AQSh) janubi-g‘arbida o‘g‘rilar uyni o‘marib, o‘g‘irlangan buyumlar ro‘yxati va jinoyat sabablarini izohlovchi xat qoldirishgan. Bu haqida KHOU portali xabar berdi

Uy sohibi Jozef Alvaradoning so‘zlariga ko‘ra, u Beksli Drayvdagi uyiga qaytgach, bir necha buyumlar yo‘qolganini ko‘rgan, ularning orasida PlayStation 4 o‘yin konsoli, bir juft kontroller va qizining noutbuki bo‘lgan. 

Jabrlanuvchi tushunish qiyin bo‘lgan, bolalar husnixatida yozilgan 2 xatni ko‘rgan. Ulardan birida jinoyatchilar o‘g‘irlikning sababiga izoh berishgan. "Men sizning narsalaringizni o‘g‘irladim, chunki akam menga shunday qilishimni aytdi", - deb yozilgan birinchi xatda. 

Ikkinchi xatda esa Alvaradoning uyidan o‘g‘irlangan buyumlar ro‘yxati yozilgan bo‘lgan. "Bunday bema'ni gaplarni o‘qish og‘ir. Kimdir uyinga bostirib kirib, tartibsizlik qilib, buyumlarni o‘g‘irlasa-da, buni yaxshi tanlov, deb o‘ylashini anglash qiyin", - dedi jabrlanuvchi. 

Uy egasi o‘rta maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlashi hamda hayotda noto‘g‘ri yo‘lni tanlagan bolalar bilan ishlashini aytdi. "Oxir-oqibat menda ham shunday vaziyat yuzaga keldi", - deydi u. 

Jabrlanuvchi politsiyaga da'vo arizasi yozdi va turar joyining xavfsizligini kuchaytirishga kirishdi.

Mavzuga oid