O‘zbekiston | 17:09 / 17.09.2016
115167
2 daqiqa o‘qiladi

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonning birinchi prezidenti aks etgan 10 ming so‘mlik banknota paydo bo‘ldi

O‘zbekistonliklar ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasini abadiylashtirish masalasini keng muhokama etmoqda. Xususan, respublikadagi xalqaro aeroportlardan biriga Islom Karimov nomini berish, shoh ko‘chalardan birini nomlash kabi turli xil fikrlar bildirildi. Bu borada, ijtimoiy tarmoqlarda turli xil variantlar taklif etilib, o‘ziga xos ovoz berishlar ham uyushtirildi. 

Shunday takliflardan birida, O‘zbekiston milliy valyutasining 10 ming nominaldagi milliy valyuta birligi fotoshop qo‘lbola nusxasi aks ettirilgan. Unda Islom Karimov surati joylashtirilgan. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ham bu borada turli fikrlarni bildirishgan. 

Biroq, Islom Karimov 1990-yillar boshida milliy valyuta so‘mning muomalaga chiqarilishi munosabati bilan bildirgan fikrlarida, so‘mga boshqa davlatlarda bo‘lgani kabi davlat arboblari, tarixiy shaxslarning surati aks ettirilishi yaxshi emasligini, o‘zi ham bunga qarshi ekanini, bundan tashqari ma'naviy jihatdan olganda ham bu maqsadga muvofiq bo‘lmasligini ta'kidlagandi. Karimov, inson suratlarining o‘rniga O‘zbekistonning diqqatga sazovor tarixiy yodgorliklarini aks ettirish lozimligini aytgandi.

Mavzuga oid