Iqtisodiyot | 14:40 / 20.09.2016
20642
2 daqiqa o‘qiladi

Meva va sabzavot eksportyorlariga valyuta tushumi miqdori kamaytirildi

Foto: UzA

Yangi meva-sabzavot, uzum va poliz mahsulotlarini eksport qiluvchi O‘zbekiston korxona va tashkilotlari uchun valyuta tushumini majburiy tartibda sotish miqdori ikki barobarga kamaytirildi. Prezident v. b. Shavkat Mirziyoyev shu haqdagi qarorni imzoladi, deya xabar qilmoqda Gazeta.uz sayti 

Hujjatga muvofiq, 20 sentabrdan boshlab tashkiliy-huquqiy shakli va idoraviy mansubligidan qat'i nazar, eksport qiluvchi korxona va tashkilotlar, shu jumladan, mikrofirmalar, kichik korxonalar, fermer va dehqon xo‘jaliklari yangi meva-sabzavot, uzum va poliz mahsulotlarini eksport qilishdan tushadigan valyuta tushumining 25 foizini belgilangan tartibda majburiy sotishni amalga oshiradi. Bungacha esa mazkur ko‘rsatkich 50 foizni tashkil etar edi.

Qarorda yangi, quritilgan va qayta ishlangan meva-sabzavot, uzum va poliz mahsulotlarini eksportga yetkazib berish yuklab jo‘natiladigan mahsulot qiymatining kamida 30 foizini oldindan to‘lash shartlarida amalga oshirilishi ham ko‘zda tutilgan. Qolgan qismi uchun tasdiqlangan bank akkreditivi ochiladi yoxud birinchi klassli xorijiy bank kafolati rasmiylashtiriladi.

«O‘zagroeksport» ixtisoslashtirilgan tashqi savdo kompaniyasiga yangi, quritilgan va qayta ishlangan meva-sabzavot, uzum va poliz mahsulotlarini ishonchli va uzoq muddatli sheriklar bo‘lgan yetakchi xorijiy tashkilotlar, import qiluvchilar (Vazirlar Mahkamasi karorlari bilan tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha) manziliga chiqarish va sotish huquqi berildi.

Mavzuga oid