O‘zbekiston | 17:54 / 22.09.2016
75291
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoro viloyatining sobiq hokimi rahbarlik lavozimiga qaytdi

Buxoro viloyatining sobiq hokimi Samoydin Huseynov ismi sharifi yana mahalliy matbuotda paydo bo‘la boshladi. O‘zbekiston faxriylarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash «Nuroniy» jamg‘armasining Buxoro viloyati kengashiga Samoydin Huseynov rais etib saylangan. Bu haqda nuz.uz xabar berdi.

Viloyatning sobiq hokimi to‘g‘risida mahalliy matbuot 5 yildan buyon hech narsa yozmagandi. U 2011 yilda O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov qarori bilan lavozimidan ozod qilingandi.

Huseynovni «Nuroniy» jamg‘armasining Buxoro viloyati kengashiga rais etib saylash qarori yakshanba kuni o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilish vaqtida qabul qilingan. U bu lavozimda ko‘p yillardan buyon ishlab kelgan Yusuf Qurbonov o‘rnida ish boshlaydi.

Mahalliy nashrlarning yozishicha, hademay sakson yoshni qarshilaydigan Qurbonov "boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan" o‘z lavozimidan ozod etilgan.

Qayd etilishicha, yig‘ilishda viloyatning hozirgi hokimi Muhiddin Esanov ham ishtirok etgan. U birinchi navbatdagi vazifalar haqida gapira turib, O‘zbekiston prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining 8 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan qo‘shma majlisidagi vaqtida aytib o‘tgan fikrlarini keltirgan.

Eslatib o‘tish joizki, Samoydin Huseynov 1996 yildan 2011 yilgacha 15 yil davomida Buxoro viloyatiga rahbarlik qilgan. U Islom Karimov tomonidan korrupsiya va urug‘-aymoqchilikka bog‘liq mojarolar fonida lavozimidan olingan, uning o‘rnida Muhiddin Turdiyevich Esanov ish boshlagandi.

Mavzuga oid