Fan-texnika | 21:11 / 24.09.2016
8483
2 daqiqa o‘qiladi

Samsung‘ning har bir Galaxy Note 7 smartfonini rentgendan o‘tkazish buyurildi

Janubiy Koreya tartibga soluvchi xizmatlari Samsung kompaniyasiga har bir Galaxy Note 7 smartfonini rentgendan o‘tkazish majburiyatini qo‘ydi. Janubiy Koreya texnologiya va standartlar agentligining ta'kidlashicha, bunday chora bozorga xavfli bo‘lishi mumkin bo‘lgan qurilmalar tushishining oldini oladi, deb yozmoqda The Wall Street Journal.

Agar Samsung Galaxy Note 7 akkumulyatorini ishlab chiqarish yoki smartfonlarni yig‘ishda muammolar yuzaga kelgan bo‘lsa, batareyalarning ichidagi yupqa izolyatsiyalovchi plastinalarga katta bosim tushishi mumkin. Shunda akkumulyator quvvatlanishi vaqtida harorati, tizimda kuchlanish oshadi. Oqibatda akkumulyator bo‘linmalaridagi izolyatsiya buzilib, aynan shu holat qurilmaning yonishiga olib keladi. 

"Bunday holatda rentgen juda samarali bo‘lishi mumkin. O‘tgan yili mening londonlik hamkasblarim shunga o‘xshash tajriba o‘tkazishgan. Ular rentgen tomografi yordamida portlash vaqtida litiy-ion akkumulyatorlar ichida nima yuz berishini aniqlashdi. Aynan rentgen ichida po‘lat sterjeni bo‘lgan batareyalar eng kam shikastlanishini aniqlagan. Shuning uchun ishlab chiqaruvchi batareyalar bilan haqiqatda muammolarga ega bo‘lsa, rentgen tekshiruvi himoyalovchi idish ichida issiqlikni taqsimlash tizimi va issiqlik almashinuvi buzilishiga ega smartfonlarni aniqlashga yordam beradi", deb aytdi fizik Aleksandr Tixonov.

Avvalroq kompaniya muayyan Samsung Galaxy Note 7 smartfoni xavfsiz-xavfsizmasligini bilishga imkon beradigan dasturni chiqargandi. Agar dastur yashil rangni ko‘rsatsa, unda smartfon xavf solmaydi.

Kompaniya yangi tekshiruv sababli smartfonlarni chaqirtirib olish dasturi bo‘yicha foydalanuvchilar topshirgan smartfonlarni qaytarish muddatini 30 sentabrgacha uzaytirishga majbur bo‘lgan. Kompaniya Janubiy Koreyaning o‘zida 400 mingta Samsung Galaxy Note 7 sotgan, ulardan 100 mingtasi qaytarilgan. Tabiiyki, ushbu jarayon qo‘shimcha sarf-xarajatlarga olib keladi.

Mavzuga oid