O‘zbekiston | 09:04 / 28.09.2016
22434
2 daqiqa o‘qiladi

Rufat Risqiyevning oyog‘i amputatsiya qilindi

O‘zbekistonlik mashhur bokschi, jahon chempioni Rufat Risqiyev oyog‘ida gangrena boshlangani sababli shifokorlar uning o‘ng oyog‘ini tizzadan pastini kesib tashlash uchun jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan. Bu haqda boks murabbiyi Murat Ergashev Facebook’dagi sahifasida yozgan.

«Do‘stlar, Toshkentdan qayg‘uli xabar keldi. Bizning mashhur chempionimiz — Rufat Risqiyevning oyog‘i venalar trombozining og‘irlashishi tufayli amputatsiya qilindi», — deya yozgan u.

Rufat Risqiyev Toshkent shahridagi 16-shifoxonada amputatsiya qilingan va ayni vaqtda shu shifoxonada qolmoqda. Jarrohlik amaliyotini boshidan kechirgan Rufat Risqiyevning salomatligi tiklanmoqda, hozir o‘zini yaxshi sezmoqda.

Bundan bir necha yil oldin ham sobiq bokschi ikkala oyog‘ida jarrohlik amaliyoti o‘tkazgan. Shifokorlar qattiq parhez va davolash talablariga rioya qilishni buyurgandi.

2 oktabr kuni 67 yoshini qarshilaydigan Rufat Risqiyev 1974 yilda Gavanada jahon chempioni bo‘lishga erishgan. Chempionlik jangi og‘ir kechgan, jang payti qo‘l suyaklarining yetti joyi singan. U shuningdek, 1976 yilgi Monreal Olimpiadasi kumush medali sohibi hisoblanadi.

Rufat Risqiyev o‘z sportchilik faoliyati davomida 189ta jang o‘tkazib, 174tasini g‘alaba bilan yakunlagan. Jahon chempionligi va Olimpiadadagi muvaffaqiyatidan tashqari, 2 marta Sobiq ittifoq chempioni bo‘lgan.

1997 yilda WBA hakamlar hay'ati a'zoligiga kiritilgan Rufat Risqiyev markaziy osiyolik birinchi professional boks hakami bo‘lgan edi.

Mavzuga oid