Sport | 10:11 / 05.10.2016
4874
2 daqiqa o‘qiladi

2 yil davomida maosh olmagan zimbabvelik futbolchilar ish tashlash uyushtirishdi

Zimbabvedagi «Xvange» jamoasi maoshlar to‘lanishidagi qarzlar tufayli ish tashlashdi. Bu haqda Xalqaro professional futbolchilar assotsiatsiyasi (FIFPro) ma'lum qilgan.

Qayd etilishicha, jamoaning ba'zi futbolchilari 2 yildan buyon maosh olishmagan. 2015 yil uchun «Xvange» futbolchilariga 500 dollardan berilgan. Holbuki, ularning yillik maoshi miqdori shartnoma bo‘yicha yiliga 3600 dollardan edi. Bu esa dunyoda futbolchilarga to‘lanadigan eng kam maosh hisoblanadi.

Joriy yilda esa futbolchilarga 200 dollardan maosh va 250 dollardan bonus pullari berilgan. Klub ularning har biriga yana 2015 yil uchun 800, 2016 yil uchun esa 1950 dollardan to‘lashi talab etiladi. Futbolchilar keyingi oylarda uy uchrashuvlari uchun 10 dollardan, safar uchrashuvlari uchun esa 20 dollardan olishmoqda.

Xabar qilinishicha, «Xvange» rahbariyati futbolchilarga agar qarzdorlik bo‘yicha holatni ommaga oshkor qilishsa, ularni klubga tegishli hisoblanadigan uylaridan chiqarib yuborish bilan tahdid qilishgan.

2015 yilgi mavsumda «Xvange» ichki chempionatda sakkizinchi o‘rinni egallagandi.

Manba: Tribuna.uz

Mavzuga oid