O‘zbekiston | 11:49 / 11.10.2016
9309
4 daqiqa o‘qiladi

Ehtiyojlarni baholash missiyasi ekspertlari Toshkentga keldi

2016 yilning 11 oktabr kuni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi saylov departamenti rahbari Aleksandr Shlik boshchiligidagi Ehtiyojlarni baholash missiyasi ekspertlari Toshkentga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazi xabar berdi.

Ma'lumki, 2016 yilning 17 sentabr kuni Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi orqali shu yilning 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kuzatuvida ishtirok etish uchun YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosiga taklifnoma yubordi.

Amaliyotga ko‘ra, YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi saylovoldi jarayoni va saylovga tayyorgarlikning borishini baholash, milliy saylov qonunchiligining umume'tirof etilgan xalqaro standartlarga uyg‘unligi tahlili natijalari bo‘yicha saylovlarni kuzatishning maqsadga muvofiqligi, uning shakli, muddati va kuzatuvchilar soni to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Ehtiyojlarni baholash deb atalmish missiya saylovlar arafasida, qoidaga ko‘ra, YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi saylov departamenti mutaxassislari tomonidan ikki-uch kun davomida amalga oshiriladi. Unda Byuro tomonidan 2010 yilda chop etilgan saylovlarni kuzatish bo‘yicha qo‘llanmada belgilangan uslublarga muvofiq ish tutiladi. Bu gal Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi Ehtiyojlarni baholash missiyasini Byuroning saylov departamenti boshlig‘i Aleksandr Shlik (Belarus) va departament maslahatchisi Ulvi Axundlu (Ozarbayjon)dan iborat tarkibda shu yilning 11—14 oktabr kunlari yuborishga qaror qildi.

Ehtiyojlarni baholash missiyasi tashrifi doirasida Tashqi ishlar vazirligida, Markaziy saylov komissiyasida, Oliy sudda, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatida, Adliya vazirligida, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazda, Milliy teleradiokompaniyada, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligida, shuningdek, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili, siyosiy partiyalar hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Ehtiyojlarni baholash missiyasi uchrashuvlar yakuni bo‘yicha o‘z xulosasini tayyorlab, unda saylovning samarali, haqqoniy va professional kuzatuvini amalga oshirish uchun sharoit yaratilgani, siyosiy plyuralizm, shaffoflik qaror topgani, saylov jarayoni jamiyatning ishonchini qozongani, shuningdek, Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining avvalgi saylovlarni kuzatish yuzasidan berilgan tavsiyalari bajarilgani singari mezonlar o‘z aksini topadi.

Ehtiyojlarni baholash missiyasi O‘zbekiston Respublikasida 2004, 2009 va 2014 yillarda ham faoliyat olib borgan. O‘tgan yillarda Ehtiyojlarni baholash missiyasi xulosalari asosida O‘zbekistondagi saylovlarni kuzatish uchun 15-18 ta YeXHT ishtirokchi-mamlakatidan 25 kishidan ko‘p bo‘lmagan tarkibdagi saylovlarni kuzatish bo‘yicha cheklangan missiyasini yuborgan.

Eslatib o‘tamiz, hozirgacha ShHT, IHT, MDH Ijroqo‘mi, Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi singari nufuzli xalqaro tashkilotlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatishda ishtirok etishga tayyorligini ma'lum qilgan. Saylovda ko‘p sonli xalqaro kuzatuvchilarning ishtirok etishi saylov jarayonining ochiqligi va oshkoraligini ta'minlashga, nufuzini oshirishga hamda demokratik saylovlarni o‘tkazish masalalari bo‘yicha tajriba va axborot almashishga xizmat qiladi.

Mavzuga oid