Jahon | 17:01 / 13.10.2016
25442
2 daqiqa o‘qiladi

70 yildan buyon Tailandni boshqarib kelgan qirol olamdan o‘tdi

© AP Photo

O‘tgan yakshanba kuni salomatligi keskin yomonlashgan Tailand qiroli Pxumipon Adulyadet (Rama to‘qqizinchi) bugun, 12 oktabr kuni 89 yoshida olamdan o‘tdi.

1946 yildan buyon taxtda o‘tirgan qirol Pxumipon 1 yildan buyon Bangkokdagi Sirirach gospitalida davolanmoqda edi. Uni oxirgi bor omma oldida 11 yanvarda ko‘rishgandi. U bugungi kunda eng ko‘p vaqt hukmronlik qilib turgan monarx hisoblanardi.

12 oktabr kuni qirol huzurida uning barcha to‘rt farzandi, jumladan, valiahd shahzoda hozir bo‘lgandi.

9 oktabr kuni Tailanddagi qirollik saroyi byurosi Pxumipon Adulyadetning salomatligi yomonlashganini e'lon qilgandi. Qirol qonini toksinlar, ortiqcha tuzlar va suyuqliklardan tozalash jarayoni o‘tkazilgan, bu esa uning qon bosimi keskin tushib ketishiga sabab bo‘lgan. Shundan so‘ng qirol o‘pkani sun'iy shamollatish qurilmasiga ulangandi.

Marhum nafaqat davlat rahbari, balki o‘z xalqi uchun ko‘p ishlarni amalga oshirgan mehnatsevar-qirol sifatida ham o‘z fuqarolarining cheksiz hurmat va muhabbatiga sazovor bo‘lgandi.

Yevropada tahsil ko‘rgan qirol Tailand umummilliy irrigatsiya tizimi muallifi bo‘lib, aynan mana shu dastur tufayli mamlakat guruch eksporti bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘ringa chiqishga muvaffaq bo‘lgan.

Ushbu qirol tashabbusi bilan mamlakatda mol fermalari tashkil etilib, Tailandning barcha maktab o‘quvchilari o‘tgan asrning 60-yillaridayoq kalsiy manbai hisoblangan sut bilan ta'minlangan.

Mavzuga oid