Sport | 06:51 / 14.10.2016
59253
4 daqiqa o‘qiladi

Eldor Shomurodov Yevropaga yo‘l olishi mumkin

O‘zbekiston terma jamoasi va «Bunyodkor» futbolchisi Eldor Shomurodov Rossiyaning ProSports Management agentlik kompaniyasi bilan shartnoma imzoladi.

Kompaniya futbolchiga quyidagicha ta'rif berdi.

«21 yoshli futbolchi qanot va markaziy hujumchi pozitsiyasida o‘ynaydi. Shuningdek, u hujum ortida ham harakat qila oladi. U o‘z o‘yinlari orqali Kiyevning "Dinamo" va Ukraina terma jamoasi hujumchisi Andrey Yarmolenkoni eslatib yuboradi: tezkor, kuchli, texnik jihatdan yaxshi, maydonni yaxshi ko‘ra oladi, pozitsion va tezkor hujum paytida to‘g‘ri yechim topa oladi.

"Eldor yaxshi jismoniy ko‘rsatkichlarga ega. Natijada u yakkakurashlarda ishonchli harakat qiladi. Va albatta, uning tezligi — bo‘yi 182 sm. bo‘la turib, u masofaga yugurishda tez harakat qila oladi. U yaxshi boshlang‘ich tezlanishga ega, ikkinchi qavatda kuchli va standart vaziyatda foydali harakat qila oladi.

Atletizm va tezlikdan tashqari, dribling — Shomurodovning eng kuchli xususiyatlaridan biri. U tashabbusni o‘z qo‘liga olishdan cho‘chimaydi, ishonch bilan raqibni aldaydi, o‘rtacha bitta o‘yinda 6 marta raqibni aldashga kirishadi. Taqqoslash uchun, "Zenit" futbolchisi Julianoda bu ko‘rsatkich 5ga, Promesdan 8ga teng.

Biz Eldor Shomurodov ishtirokidagi ko‘p o‘yinlarni tahlil qildik. Albatta, hamkorlik borasida qabul qilishdan avval O‘zbekiston chempionatining saviyasini ham inobatga oldik. Lekin, Odil Ahmedov misolida ko‘rdikki, "Paxtakor"dan "Anji"ga o‘tib, u darhol yuqori saviyadagi futbol namoyish qila boshlagan. Shomurodov terma jamoa safida kuchli raqiblarga qarshi o‘yinda ishonchli harakat qilgan. U O‘zbekiston terma jamoasi safida 12ta o‘yinda maydonga tushib, 4ta gol urdi va bitta golli uzatmani amalga oshirdi. Unda o‘sish uchun salohiyat bor, ammo u to‘psiz o‘yinda kuchayishi lozim. Birinchi navbatda, jamoaning himoyaviy harakatlarida faol ishtirok etishi lozim.

Risk jihatdan futbolchining moslashib ketishini tilga olish lozim. Osiyolik futbolchilar har doim ham yangi chempionat va madaniyatga moslashib keta olmaydilar. Lekin Vitaliy Denisov va Odil Ahmedov o‘z klublarida yetakchi o‘yinchiga aylanib, buning teskarisini isbotlashdi. Eldor rus tilida yomon gapirmaydi. Uning kelajakda Yevropada o‘ynashi mumkinligini inobatga olgan holda, u ingliz tilini o‘rganishi kerakligi haqida qaror qabul qildik.

Eldorning statistikasi yomon emas: bir yarim yildan oshiqroq mavsum davomida u 19ta gol urdi va 7ta golga assistentlik qildi. 

Kuchli jamoa safida va yuqori saviyadagi futbolchilarning yonida u o‘z iqtidorini yanada yaxshiroq namoyish qila boshlaydi. Bejizga ko‘p chempionatlardan hamkasblarimiz ushbu futbolchi yuzasidan aniq taklif bilan chiqishmadi. Shomurodov yuqori salohiyatga ega futbolchi. Hozirdanoq u O‘zbekiston terma jamoasi va "Bunyodkor" klubining muhim o‘yinchisi hisoblanadi», — deyiladi kompaniya bayonotida.

Mavzuga oid