O‘zbekiston | 22:36 / 18.10.2016
30774
22 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyevning IHT TIVK 43-sessiyasining ochilish marosimidagi nutqi

Foto: O‘zA

Bugun Toshkent shahrida o‘z ishini boshlagan Islom Hamkorlik Tashkilotiga a'zo mamlakatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashining ochilish marosimida ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev chiqish qildi. Nutqning to‘liq matni O‘zA saytida keltirilgan.

Bismillahir Rohmanir Rohiym. 

Muhtaram Rais janoblari! 

Janobi oliylari, hurmatli vazirlar va delegatsiyalar rahbarlari! 

Xonimlar va janoblar! 

Assalomu alaykum va rohmatullohi va barakatuhu. 

Avvalo, siz, aziz mehmonlarni, Islom hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlar va kuzatuvchi maqomiga ega mamlakatlar delegatsiyalari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillarini, Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashi 43-sessiyasining barcha ishtirokchilarini O‘zbekiston zaminida qutlash va sizlarga samimiy hurmatimni bildirishga ijozat bergaysizlar. 

Bugungi kunda ko‘p tomonlama hamkorlik bo‘yicha eng nufuzli va yirik institutlardan biri bo‘lgan Islom hamkorlik tashkilotining ushbu muhim anjumanini o‘tkazish uchun O‘zbekiston poytaxti – Toshkent tanlangani uchun chin dildan minnatdorlik bildiramiz. 

Ushbu sessiya muqaddas islom qadriyatlarini asrab-avaylash va rivojlantirish, musulmon xalqlari o‘rtasida hamjihatlikni mustahkamlash, barqaror taraqqiyotni ta'minlash, tashkilotga a'zo mamlakatlar xalqlarining rivojlanishi va farovonligiga ko‘maklashishdek ezgu maqsadlarga erishish yo‘lida muhim qadam bo‘lishiga ishonamiz. 

Mazkur forumga tayyorgarlik doirasida erishilgan o‘zaro hamkorlik natijalaridan mamnunmiz. Bu borada Bosh kotibiyat va shaxsan uning rahbari janob Iyad Madaniy, tashkilotga a'zo davlatlar tomonidan amalga oshirilgan samarali ishlarni, bunda hamjihatlik va hamkorlik ruhi namoyon bo‘lganini yuksak qadrlaymiz. 

«Ta'lim va ma'rifat – tinchlik va bunyodkorlik sari yo‘l» mavzusi 43-sessiya kun tartibining asosiy g‘oyasi etib belgilangani chuqur ramziy ma'noga ega. Bu g‘oya «Beshikdan qabrgacha ilm izla» degan mashhur hadisga hamohangdir. Ushbu mavzu katta hayotiy tajribaga ega bo‘lgan, buyuk davlat arbobi sifatida uzoqni ko‘ra oladigan O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan, Alloh u kishini rahmatiga olsin, dunyo xalqlari, o‘z xalqi taqdiri, bugungi murakkab sharoitda muqaddas dinimizning ahamiyati haqidagi chuqur mulohazalar natijasi sifatida taklif etilgan edi. 

Dunyo shiddat bilan o‘zgarib, barqarorlik va xalqlarning mustahkam rivojlanishiga raxna soladigan turli yangi tahdid va xavflar paydo bo‘layotgan bugungi kunda ma'naviyat va ma'rifatga, axloqiy tarbiya, yoshlarning bilim olish, kamolga yetishga intilishiga e'tibor qaratish har qachongidan ham muhimdir. 

Aynan ta'lim va ma'rifat bashariyat farovonligining asosiy omillaridan hisoblanadi, insonlarni ezgulikka da'vat etadi, saxovatli, sabr-qanoatli bo‘lishga undaydi. Muqaddas islom dinimiz bizga aynan shuni o‘rgatadi. 

Bunday yondashuv – davr talabidir. 

Hurmatli sessiya ishtirokchilari! 

«Ta'lim va ma'rifat – tinchlik va bunyodkorlik sari yo‘l» shiori Islom hamkorlik tashkilotining bugungi anjumani mavzusi etib belgilangani bejiz emas. 

Negaki, mazkur anjuman sizu bizning buyuk ajdodlarimiz kindik qoni to‘kilgan O‘zbekiston zaminida bo‘lib o‘tmoqda. 

Imom Buxoriy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Iso va Hakim Termiziylar, Mahmud Zamaxshariy, Muhammad Qaffol Shoshiy, Bahouddin Naqshband, Xoja Ahror Valiy, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy va boshqa ko‘plab daholar nomi nafaqat islom, ayni vaqtda jahon sivilizatsiyasi tarixida haqli ravishda oltin harflar bilan bitilgan. 

Islom olamida Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom hadislari to‘plamining ishonchli manbai deb e'tirof etilgan «Al-jomi' as-sahih» to‘plami «barcha muhaddislar ustozi» bo‘lmish Imom Buxoriyning ko‘p yillik fidokorona izlanishlari samarasidir. O‘n ikki asrdirki, ushbu asar ahamiyatiga ko‘ra, muqaddas Qur'ondan keyin islom dini haqidagi ikkinchi ishonchli yozma manba bo‘lib qolmoqda. Nafaqat bizning yurtimiz, balki boshqa mamlakatlardan ham minglab, millionlab musulmonlar bu tabarruk zot tug‘ilgan Buxoroi sharifga borish va uning Samarqanddagi qabrini ziyorat qilishga intilishi bejiz emas, albatta. 

X asrda samarqandlik mutafakkir, «Imom al-Xuda» (Hidoyat yo‘lining imomi) deb shuhrat qozongan Abu Mansur Moturidiy tomonidan asos solingan Moturidiya ta'limoti butun islom olamida keng tarqalgan. 

Moturidiya ta'limoti ilm egallash jarayonida bag‘rikenglik g‘oyasi asosida inson aql-zakovatining o‘rni va ahamiyatiga yuksak e'tibor qaratadi. Bu o‘z navbatida ushbu ta'limotning keng ommalashuvida muhim o‘rin tutgan. Bunday g‘oyalarga bugungi kunda ham insoniyat katta ehtiyoj sezmoqda. 

Buyuk tarixda hech narsa izsiz ketmaydi. U xalqlarning qonida, tarixiy xotirasida saqlanadi va amaliy ishlarida namoyon bo‘ladi. Shuning uchun ham u qudratlidir. Tarixiy merosni asrab-avaylash, o‘rganish va avlodlardan avlodlarga qoldirish davlatimiz siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. 

Yangi tahdidlar, jumladan, “ommaviy madaniyat” xavfi va boqimandalik kayfiyati paydo bo‘layotgan, odob-axloq, qadriyatlarning yo‘qolish xavfi yuzaga kelayotgan hozirgi globallashuv sharoitida bu g‘oyat muhim ahamiyat kasb etmoqda. 

Shu sababli, mening fikrimcha, inson ma'naviy olami, xalqlar madaniyatini belgilaydigan manbalarni asrab-avaylash va boyitish bugungi kunda har qachongidan ham muhimdir. 

Azaliy qadriyatlarimiz va axloqiy fazilatlarni o‘zida mujassam etgan muqaddas dinimizni asrash va qadrlash har birimizning sharafli burchimizdir. Islom – haqiqatni anglash demakdir, u odamzotni ezgu amallarni bajarishga undaydi, har birimizni yaxshilik va tinchlikka chorlaydi, haqiqiy inson bo‘lishni o‘rgatadi. 

Biz Islom dinidan zo‘ravonlik va xunrezlik maqsadlarida foydalanishga urinayotgan kimsalarni keskin qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz. Muqaddas dinimizni doimo himoya qilamiz. 

Xalqimiz ateistik mustabidlikdan ozod bo‘lgandan keyin, mustaqillik yillarida O‘zbekistonda ajdodlarimizning muqaddas dini bo‘lgan islomning jamiyatimizdagi o‘rnini qayta tiklash bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirildi. 

1999 yil Toshkentda Markaziy Osiyoda birinchi Islom universiteti ochildi. Mamlakatimizda 10 ta diniy ta'lim muassasasi, jumladan, Toshkent islom instituti, 9 ta o‘rta maxsus o‘quv yurti faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning ikkitasi xotin-qizlar o‘quv muassasasidir. 

Ana shu ta'lim maskanlari orasida XVI asrda bunyod etilib, mamlakatimizda ilm-fanni keng yoyishga xizmat qilgan Buxorodagi Mir Arab va Toshkentdagi Ko‘kaldosh madrasalari bor. 

Yetmish yil hukm surgan kommunistik tuzum davrida O‘zbekistondan bor-yo‘g‘i 130 kishi Haj amalini bajargan bo‘lsa, bugungi kunda har yili o‘zbekistonlik besh mingdan ziyod kishi o‘zining ezgu orzusi va musulmonlik burchini ado etmoqda. O‘sha paytlarda ko‘p millionli respublikamizda atigi 30 ta masjid bo‘lgan, bugun esa mamlakatimizda minglab masjidlar faoliyat yuritmoqda. Yurtimizning barcha hududlarida tarixiy islom yodgorliklari, muqaddas qadamjolar qayta tiklandi. Ularning aksariyatini siz, aziz mehmonlarimiz O‘zbekistonga tashrifingiz davomida ziyorat qilish imkoniga ega bo‘lasiz. 

Muqaddas dinimiz bundan buyon ham xalqimizni birlashtirib, millati va tilidan qat'i nazar, ma'naviy poklanish, odamlarni tinchlik, ezgulik, bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat va totuvlikka undaydigan, o‘rnini hech narsa bosa olmaydigan vosita bo‘lib xizmat qilishi shubhasizdir. 

Hurmatli sessiya qatnashchilari! 

O‘zbekistonda mustaqil va kuchli davlat qurishdan asosiy maqsad inson, uning huquq va erkinliklari oliy qadriyat hisoblanadigan va hurmat qilinadigan adolatli jamiyat barpo etishdir. Ayni vaqtda musulmon olami va jahon hamjamiyatidagi munosib o‘rnimizni yanada mustahkamlashdir. 

Bu, avvalambor, ta'lim va ma'rifat tizimini takomillashtirish, mamlakatimiz kelajagi bo‘lgan yoshlarni zamonaviy bilim olishga yo‘naltirish, barkamol shaxsni tarbiyalash bilan bog‘liq ekanini biz yaxshi anglaymiz. 1997 yilda qabul qilingan Kadrlar tayyorlash milliy dasturi va boshqa davlat dasturlarining hayotga tatbiq etilishi samarasida mazkur soha tubdan isloh qilindi, zamonaviy uzluksiz ta'lim-tarbiya tizimi yaratildi. 

Bugun barcha o‘g‘il-qizlarimiz o‘n ikki yillik bepul majburiy ta'lim bilan qamrab olingan. Ular 10 mingta rekonstruksiya qilingan yoki qayta qurilgan keng va yorug‘ maktablar, 1,5 mingta akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida bilim olmoqda. Qariyb 300 ta musiqa va san'at maktabi, 2 ming 200 dan ortiq sport obekti bolalarimiz ixtiyorida. 

Istiqlol yillarida mamlakatimizda oliy o‘quv yurtlari soni 2,5 barobar ko‘paydi. Bugungi kunda oliy o‘quv yurtlarimizda 230 mingdan ziyod talaba bilim olmoqda. O‘zbekistonda yettita xorijiy yetakchi oliy o‘quv yurtining filiallari faoliyat ko‘rsatmoqda. Iste'dodli yoshlarimizning minglab vakillari dunyoning nufuzli universitetlarida tahsil olmoqda. 

Mamlakatimizda davlat byudjyetining yalpi ichki mahsulotga nisbatan 7 foizi ta'lim-tarbiya sohasiga yo‘naltirilmoqda. 

Mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab yurtimizda yoshlar haqida e'tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga davlat siyosatining eng asosiy va ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida qarab kelinmoqda. Chunki yoshlar – bizning kelajagimiz. Bu sohadagi davlat siyosatini yanada chuqurlashtirish uchun yaqinda O‘zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonuni yangi tahrirda qabul qilindi.

Bularning barchasi bugungi kunda o‘z samarasini bermoqda. Yoshlarimiz biznes, ilm-fan, madaniyat, san'at, adabiyot va sport sohalarida olamshumul muvaffaqiyatlarga erishmoqda. Bu mamlakatimiz istiqboliga, buyuk ajdodlarimiz boshlagan ezgu ishlarni kelajak avlodlar munosib davom ettirishiga katta ishonch bag‘ishlaydi. 

Xonimlar va janoblar! 

Biz bugun insoniyat taraqqiyotining, ta'bir joiz bo‘lsa, keskin burilishlar ro‘y berayotgan tarixiy bosqichida yashamoqdamiz. 

Keyingi yillarda Yer yuzida keskin geosiyosiy o‘zgarishlar ro‘y berdi, xalqaro miqyosda xavfsizlik va barqarorlik tizimi izdan chiqmoqda. Globallashuv jarayonining tobora shiddatli tus olishi nafaqat insoniyat imkoniyatlarini kengaytirmoqda, balki ziddiyatlarning keskinlashuvi, rivojlangan va qoloq davlatlar o‘rtasidagi tafovutning o‘sishiga olib kelmoqda. Buning oqibatida tinchlik va barqarorlikka raxna solayotgan, mohiyati va ko‘lamiga ko‘ra transmilliy xususiyatga ega turli xatti-harakatlar sodir etilmoqda. 

Boshpanasiz qolib, o‘zga yurtlarda sarson-sargardon yurgan odamlar og‘ir musibatlarni boshdan kechirmoqda, qurolli qarama-qarshiliklar va terrorizm oqibatida gunohsiz bolalar, keksalar, xotin-qizlar halok bo‘layotir. Oxiri ko‘rinmaydigan urushlar tufayli ko‘plab mamlakatlar vayronaga aylanmoqda. 

Bunday sharoitda Islom hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlarni musulmon olamida tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash va barqaror rivojlanish yo‘lida birlashtirish, o‘zaro hamkorlikning ishonchli mexanizmlarini, a'zo mamlakatlarning dolzarb masalalar yuzasidan muloqot qilishi uchun o‘ziga xos maydon yaratishga xizmat qiladigan Islom hamkorlik tashkilotining roli va mas'uliyati yanada ortmoqda. 

Tashkilot mustahkam barqarorlik va xavfsizlikka iqtisodiy taraqqiyotsiz, ijtimoiy xususiyatga ega muammolarni hal etmasdan erishib bo‘lmasligini tushungan holda faoliyat yuritayotganini biz yuqori baholaymiz. Islom hamkorlik tashkilotining faoliyat ko‘lamini yanada kengaytirish zarurati yuzaga kelmoqda. 

Bu borada mamlakatlar va xalqlar o‘rtasida turli darajadagi muloqotlarni kengaytirish, nafaqat hukumatlar, balki parlamentlar, ilm-fan va madaniyat namoyandalari, jamoatchilik vakillari o‘rtasida tizimli aloqalarni yo‘lga qo‘yish muhim o‘rin tutishi zarur. Aynan mana shu maqsadlar Islom hamkorlik tashkiloti doirasida ko‘p tomonlama hamkorlikni kuchaytirishi mumkin. 

O‘zbekiston Respublikasi Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining raisi sifatida tashkilot salohiyatini yanada kuchaytirish va ezgu maqsadlarga erishishda o‘z hissasini qo‘shish uchun barcha imkoniyatlarini ishga soladi. 

O‘zbekiston Kengashga raisligi davrida musulmon davlatlarining samarali va nufuzli forumi sifatida tashkilot rolini mustahkamlashga harakat qiladi. 

O‘zbekistonning raisligida o‘tayotgan ushbu anjumanning «Ta'lim va ma'rifat – tinchlik va bunyodkorlik sari yo‘l» shiori bizning ustuvor yo‘nalishlarimizni aniq ifoda etadi. Ularning eng muhimlari quyidagilardan iborat: 

Birinchi. Aholi hayot darajasi va sifati ko‘p jihatdan mamlakat raqobatdoshligining asosiy ko‘rsatkichiga aylangan bugungi sharoitda taraqqiyotning muhim omili sifatida ta'limning roli ortib bormoqda. Hozirgi paytda jamiyat va sivilizatsiyalar avvalo ijtimoiy qadriyatlar va ta'lim tizimlari bilan raqobatlashmoqda. 

Shu nuqtai nazardan, buyuk ajdodlarimiz bo‘lgan islom olamining mutafakkirlari asarlarini, ularning butunjahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan bebaho hissasini chuqur o‘rganish, teran anglash va keng ommalashtirish alohida ahamiyatga egadir. 

Bu masala yoshlarda ilm-fanga va ta'lim olishga intilish tuyg‘usini kuchaytirish, barcha jamiyatlarda islom qadriyatlari va madaniyatini to‘g‘ri anglash hamda qabul qilish, dunyoning barcha xalqlariga Islom dinining haqiqiy mazmun-mohiyatini yetkazish uchun muhimdir. Shuningdek, bugungi kunda xalqaro miqyosda konfessiyalar, millatlar va madaniyatlararo muloqotni yo‘lga qo‘yish, tinchlik va totuvlikka erishishda ham muhim ahamiyat kasb etadi. 

Ikkinchi. Barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni innovatsion rivojlanishsiz, keng ko‘lamli ilmiy-texnik kooperatsiyasiz va yangi texnologiyalar, ilm-fan va texnika yutuqlarini joriy etmasdan tasavvur qilib bo‘lmaydi. 

Aynan shuning uchun ilm-fan va texnikani yanada rivojlantirish, Islom hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlarning intellektual salohiyatini mustahkamlash tashkilotimiz faoliyatida muhim o‘rin egallashi lozim, deb hisoblaymiz. 

O‘zbekiston Islom hamkorlik tashkiloti doirasida hamkor mamlakatlar bilan ilmiy-texnologik almashishni faollashtirish, turli ilm-fan sohalarida qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazishni taklif etadi. 

Shubhasiz, tashkilotga a'zo mamlakatlarning hamkorligini Islom taraqqiyot banki faoliyatisiz tasavvur qilish qiyin. 

Fursatdan foydalanib, 2016 yil 1 oktabrdan e'tiboran Islom taraqqiyot bankining prezidenti etib saylangan Bandar Hajar Janobi oliylarini qutlashdan mamnunman. 

Uchinchi. Xavfsizlik muammosi o‘ta keskin va fojiali tus olayotgani barchamizni tashvishga solayotganini ta'kidlamoqchimiz. 

Islom hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlarning birdamligini ta'minlash, ular o‘rtasidagi ziddiyatlarga barham berish, urushlar, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashishda sa'y-harakatlarni birlashtirish tobora avj olayotgan qarama-qarshiliklarni bartaraf etish, tinchlik va barqarorlikka tahdid solayotgan xavflarga qarshi kurashishda muhim ahamiyat kasb etadi. 

Ayniqsa, mavjud yoki yuzaga kelayotgan ziddiyat va to‘qnashuvlarni tinch yo‘l bilan, muzokaralar, xalqaro huquqning umume'tirof etilgan prinsip va normalari asosida siyosiy-diplomatik hamda xalqaro-huquqiy mexanizmlardan foydalangan holda hal etishga erishish eng muhim vazifadir. 

To‘rtinchi. Islom olami ulkan iqtisodiy, investitsion salohiyat, energetika resurslariga ega. Ulardan to‘g‘ri foydalanish, Islom hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlarning xalqaro savdo-iqtisodiy, moliyaviy, investitsion hamkorligini kengaytirish, mamlakatlarimizni birlashtiradigan transport yo‘llarini tashkil etish yuksak iqtisodiy taraqqiyot ko‘rsatkichlariga erishish imkonini beradi va bu pirovard natijada boshqa barcha sohalarning rivojlanishida asos bo‘lib xizmat qiladi. 

Shu munosabat bilan bu borada Islom hamkorlik tashkiloti doirasida, shuningdek, Islom hamkorlik tashkiloti hududidagi davlatlarning dunyoning yetakchi mamlakatlari bilan hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirish alohida ahamiyatga egadir. 

Beshinchi. Ushbu qulay fursatdan foydalanib hamda mamlakatimizning Islom hamkorlik tashkilotidagi raislik davri uchun taklif etilayotgan ustuvor maqsadlardan birining ijrosi kontekstida davlatimizning ayrim tashabbuslarini e'lon qilmoqchiman. 

Birinchi tashabbusning mohiyati nafaqat islom madaniyati, balki umumbashariy sivilizatsiyaga benazir hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning ko‘p qirrali diniy-ma'naviy merosini o‘rganishga ixtisoslashgan xalqaro ilmiy tadqiqotlar markazini tashkil etishdan iborat. 

Bunday markazning Samarqanddagi Imom Buxoriy yodgorlik majmui qoshida yaratilishi mantiqiy ish bo‘lur edi. Buni bir qator qulay omillar taqozo etmoqda: 

birinchidan, Samarqandning musulmon madaniyati durdonalaridan biri ekanligi bilan bog‘liq dunyo sivilizatsiyasidagi mumtoz o‘rni; 

ikkinchidan, eng buyuk musulmon mutafakkirlaridan biri, barcha muhaddislar peshvosi Imom Buxoriyning tabarruk maqbarasi joylashgan ushbu mintaqaga xos bo‘lgan alohida ma'naviy-ruhiy muhit. 

Taklif etilayotgan tadqiqot markazi Islom hamkorlik tashkiloti homiyligida «Samarqanddagi Imom Buxoriy xalqaro tadqiqotlar markazi» degan ulug‘vor va ramziy nomga ega bo‘lishi mumkin bo‘lur edi. 

Umid qilamizki, bizning ushbu tashabbusimizni Islom hamkorlik tashkilotining Bosh kotibi Iyad Madaniy Janobi oliylari qo‘llab-quvvatlaydilar va bu loyihani amalga oshirishda kerakli ko‘makni beradilar. 

O‘zbekistonning yana bir tashabbusi – Ta'lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha islom tashkilotining maxsus kafedrasini Toshkent islom universiteti tarkibida tashkil etish bilan bog‘liqdir. 

Yangi kafedra faoliyatining asosiy yo‘nalishini musulmon dunyosidagi ta'lim, ilm-fan va madaniyat tarixi hamda ularning hozirgi holatini o‘rganish va ular haqida talabalarga chuqurlashtirilgan maxsus kurslarni o‘qish tashkil etishi mumkin bo‘lur edi. 

Hurmatli do‘stlar! 

Mazkur anjumanimiz va sizlarning O‘zbekistonga ushbu tashrifingiz davomida Vatanimizning boy tarixiy va madaniy merosi bilan tanishishingiz turizm, gumanitar, ilmiy va boshqa sohalardagi aloqalarimizni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi, degan umiddamiz. 

Bu borada biz o‘z tomonimizdan tashkilotga a'zo mamlakatlarning turistlari va vakillarini diyorimizga kelib-ketishi bilan bog‘liq rasmiyatchiliklarni soddalashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ko‘ramiz. 

Oltinchi. Ommaviy qirg‘in qurolini tarqatmaslik muammosi bugungi kunda eng keskin masalalardan biri bo‘lib qolmoqda. O‘zbekiston 1993 yildayoq Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hududni tashkil etish tashabbusini ilgari surgan. Mazkur tashabbus O‘zbekiston va qo‘shni davlatlar tomonidan 2006 yilda imzolangan Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hudud to‘g‘risidagi shartnoma, shuningdek, BMT Xavfsizlik kengashining doimiy beshta a'zosi 2014 yilda imzolagan Kafolatlar to‘g‘risidagi protokolda o‘zining amaliy ifodasini topgan. 

O‘zbekiston yadro qurolidan xoli hududlar ko‘lamini izchil kengaytirish tarafdori va Yaqin Sharqda ham yadro qurolidan xoli hududni tashkil etish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlaydi. 

O‘zbekiston tashkilotga a'zo mamlakatlar va, umuman, musulmon olami xavfsiz va farovon davlatlarga aylanishiga ishonadi. 

Muhtaram sessiya qatnashchilari! 

Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasi xalqaro maydonda tashkilotimiz salohiyatini yanada mustahkamlash va uning obro‘sini oshirish, oldimizda turgan umumiy vazifalarni samarali hal etishga xizmat qilishiga ishonaman. 

So‘zimni yakunlar ekanman, sizlarni Sharq durdonalaridan biri bo‘lgan Samarqandga taklif etishdan mamnunman. Samarqandda bebaho tarixiy-madaniy obektlarni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rish, xalqimiz hayoti, maktab, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarimiz, oliy o‘quv yurtlarimiz faoliyati bilan bevosita tanishishingiz mumkin. 

Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasi ishiga muvaffaqiyat tilayman. 

E'tiboringiz uchun tashakkur. 

Mavzuga oid