Fan-texnika | 14:16 / 19.10.2016
6513
3 daqiqa o‘qiladi

Soat kabi ishlaydi: Shveytsariyaning ilk elektrik samolyoti havoga ko‘tarildi

Foto: nat-geo.ru

Hamilton vakillarining ishonchi komil: elektrik dvigatelli havo kemalari  -  yo‘lovchi va sport aviatsiyasining kelajagi. 

Bir motorli Silence Aircraft Twister  — Shveytsariyaning ikki kompaniyasi mahsulidir: qo‘l soatlarini ishlab chiqaruvchi Hamilton kompaniyasi va Tomas Pfammatter (Air Zermatt qutqaruv jamoasi uchuvchisi) hamda paraglayding bo‘yicha chempion Dominik Shteffen tomonidan asos solingan Hangar 55 loyiha byurosi.

Uchuvchi qurilma taqdimoti 21 sentabr kuni Shveytsariyaning Raron shahrida bo‘lib o‘tgan. Taqdimotdan ikki kun avval Hamilton brendi vakili tajribali aviator Nikolya Ivanoff uni sinovdan o‘tkazgan. 

Bu Shveytsariyadagi yuqori uchuvchilik mahoratini namoyon etishga qodir ilk elektrik samolyotdir. Uning o‘lchamlari katta emas: kabinaga faqat bir kishi sig‘adi, maksimal parvoz massasi (samolyot, yoqilg‘i, uchuvchi va yukxonaning umumiy og‘irligi) – 420 kilogramm. Akkumulyator quvvati 160 kilometrni bosib o‘tish uchun yetarli. Qurilmaga atrof-muhitga ziyon yetkazmaydigan Siemens dvigateli o‘rnatilgan. Ijobiy aerodinamik sifatlar, yengil vazn hamda uncha qimmat bo‘lmagan ekspluatatsiya «Twister»ni ajoyib o‘quv samolyotiga aylantiradi. 

Hamilton kompaniyasi 1918 yildayoq aeronavtika tarixida o‘z nomini qayd etgan: o‘shanda brend Vashington va Nyu-York o‘rtasidagi pochta aviareyslarining rasmiy xronometristiga aylangan. 

1930 yillarda Amerikaning Trans World Airlines, United Airlines va boshqa kompaniyalarida faoliyat yurituvchi uchuvchilar Hamilton soatlarini taqib yurishgan. 
Ikkinchi jahon urushi yillarida Hamilton o‘z mahsulotlarining a'lo sifati uchun Amerikaning «E» mukofotiga (Excellence in Production) sazovor bo‘lgan. 

Uchuvchi Nikolya Ivanoff 10 yildan ortiq vaqt davomida ko‘p sonli aviatsion musobaqalar va shoularda ishtirok etib, Hamilton markasini namoyish qilib keladi.

Mavzuga oid