Jahon | 16:32 / 20.10.2016
22726
5 daqiqa o‘qiladi

"Rossiya qo‘g‘irchog‘i" va "battol ayol": Debatlarning uchinchi raundi qanday o‘tdi?

AQShning Nevada universitetida (Las-Vegas) prezidentlik debatlarining final bosqichi bo‘lib o‘tdi. Debatlarga  Fox News jurnalisti Kris Uollec moderatorlik qildi. Boshlovchi Donald Tramp va Hillari Klintonga olti mavzu bo‘yicha savol bilan murojaat qildi: immigratsiya, ijtimoiy imtiyozlar, mamlakatning davlat qarzi, Oliy sud sudyalarining tayinlanishi, iqtisodiyot va tashqi siyosat. Debatlar quyidagicha formatda o‘tdi: ikki nomzod berilgan mavzu bo‘yicha ikki daqiqa davomida fikr bildirishdi, shundan keyin Uollesning qo‘shimcha savollariga javob berishdi. Debatlar davomida nomzodlar bir paytning o‘zida baravar gapirib, qichqirib ketishdi va Uolles ularni zo‘rg‘a tinchlantirdi. 

WikiLeaks

Kris Uolles WikiLeaks'da Hillari Klintonga qarshi chop etilgan dalilga bir necha marta murojaat qildi. Xususan, boshlovchi Klintonning xatidan uning chegaralarni ochish tarafdori ekanligiga doir so‘zlarini keltirib o‘tdi. Bu Hillarini esankiratib qo‘ydi va u savolga javob berish o‘rniga "rus xakerlari", Putin va Trampni ayblashga kirishib ketdi. "AQShning 17 razvedka idorasi Putinning AQShdagi prezidentlik saylovlariga ta'sirini tasdiqladi. Bugun Donald yo unga Putin yordam berayotganini tan olishi, yoki WikiLeaks'ning noqonuniy dalilidan foydalanishga chek qo‘yishi lozim", - dedi u. 

Bu so‘zlar Donald Trampning qat'iy noroziligini keltirib chiqardi va u Klinton nima uchun Putinni yoqtirmasligi sabablarini ma'lum qildi. Uning fikricha, Rossiya rahbari Klintondan aqlliroq bo‘lib, u Yaqin Sharqda sobiq davlat kotibini ortda qoldirgan. "Obama va Klinton Yaqin Sharqda o‘zlarining g‘irt ahmoq ekanliklarini namoyon qilishdi", - deya ta'kidladi respublikachi. Bunday bayonotga javoban Hillari Klinton Trampni "Putinning qo‘g‘irchog‘i" deb haqorat qildi.  

Tashqi siyosat

Bu safar na immigratsiya va na Tramp tomonidan tahqirlangan ayollar masalalari Iroq va Suriyadagi vaziyatni muhokama qilishdek ahamiyatga ega bo‘lmadi.

Respublikachi Mo‘sulning qo‘lga olinishi faqatgina Klintonning saylov oldi kampaniyasi uchun foydali ekanligini aytdi. "Biz Mo‘sulni qo‘lga kiritamiz, bu Eron uchun ayni muddao, u bizdan minnatdor bo‘ladi. Ishonchim komilki, u yerda shu zahotiyoq yadroviy qurol paydo bo‘ladi. Klinton va Obama IShIDni yaratishdi, o‘zlarini g‘irt ahmoq ekanliklarini namoyon qilishdi, chunki Asad kuchliroq bo‘lib chiqdi - u Putin bilan birga ularni dog‘da qoldirdi".

Klinton, o‘z navbatida, Rossiya bilan terrorizmga qarshilik qilishga doir muzokaralarning qayta tiklanishi mumkinligini tan oldi. "Suriya uzra parvozsiz hudud yaratish va Halabdagi otishmalarni to‘xtatish lozim", - dedi u.

Saylovlarni soxtalashtirish

Bundan avval Tramp saylov natijalarini tan olmasligi, chunki Klinton millionlab soxtalashtirilgan byulletenlardan foydalanishi, shuningdek noobektiv OAV ko‘proq uning ayollar bilan mojarolariga e'tibor qaratib,  raqibining  WikiLeaks fosh etgan jinoyatlariga diqqat qilmayotganini ta'kidladi.

Bundan tashqari Tramp Klintonlar oilaviy fondini jinoyatchilik bilan shug‘ullangan xorijiy tashkilotlardan pul olganlikda aybladi. "Xo‘sh, nima uchun ayollar va besoqollarga yomon munosabatda bo‘layotgan mamlakatlardan kelgan pullarni qaytarib bermaysiz?", - dedi respublikachi. 

Klinton o‘z raqibini ayollar va umuman amerikaliklarga hurmatsizlikda aybladi. Shuningdek nomzodlar abort masalasida ham turli fikr bildirishdi: Tramp abortni taqiqlashga chaqirdi, Hillari esa uning fikriga qo‘shilmadi. 

Nomzodlar debatlardan oldin ham, undan keyin ham bir-birlariga qo‘l berishmadi. Ular moderator Kris Uollesga o‘z hurmatlarini bildirishdi - u debatlarni efirga uzatish vaqtidagi sharhlarida o‘zini betaraf tutgan va g‘azablangan nomzodlarni  tinchlantirishda madaniyat chegarasidan chiqmagan yagona boshlovchi bo‘lganligi bois debatlar g‘olibi, deb tan olindi.

Mavzuga oid