O‘zbekiston | 16:26 / 23.10.2016
16689
5 daqiqa o‘qiladi

Hotamjon Ketmonov saylovoldi dasturi bilan tanishtirdi

Foto: Xalq demokratik partiyasi matbuot xizmati

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi, O‘zbekiston Prezidentligiga partiyadan nomzod Hotamjon Ketmonov o‘z ma'ruzasida saylovoldi dasturining asosiy holatlari yuzasidan ma'lumot berdi. Ma'ruzaning to‘liq matni partiya rasmiy saytida chop etildi.

U aholi bandligini ta'minlash tizimini doimiy takomillashtirib borish zarurligini qayd etib o‘tgan.

«Biz uchun asosiy ustuvor yo‘nalish, avvalambor, aholining davlat va jamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga ehtiyojmand qatlamlari manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan kuchli ijtimoiy siyosatni yuritishdan iboratdir.  Bu mehnatga layoqatli kishilarning munosib haq to‘lanadigan ish o‘rinlariga ega bo‘lishini, fuqarolarning shaxsiy tashabbuskorligi va ishbilarmonligi qo‘llab-quvvatlanishi va rag‘batlantirilishini, yoshlarga, ularning ijtimoiy kelib chiqishidan qat'iy nazar, kasb tanlash, ta'lim olish va o‘quv muassasalarini bitirgach, albatta ish o‘rniga ega bo‘lishlari uchun adolatli, teng va ijtimoiy jihatdan maqbul shart-sharoitlar yaratilishini, pensionerlar, nogironlar, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar va aholining mehnatga layoqatsiz boshqa ijtimoiy guruhlari hayotiy ehtiyojlari to‘liq qondirilishini kafolatlovchi pensiya ta'minoti va ijtimoiy nafaqalarning samarali tizimi shakllantirilishi bilan bog‘liq masalalarni qamrab oladi», — dedi siyosatchi.

Shundan so‘ng u bunday maqsadlarni samarali amalga oshirishda ustuvor hisoblanuvchi yo‘nalishlarga to‘xtalib o‘tdi:

«Birinchidan, aholi bandligini ta'minlash tizimini doimiy takomillashtirib borish zarur. Xususan, mehnat bozoridagi talab-taklifni to‘liq hisobga olish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlarini tuzishda hududning joriy va istiqboldagi rivojlanish yo‘nalishlarini aniqlashtirish, kasb-hunar kollejlari yo‘nalishlarini belgilashda tashkil etilayotgan korxona va tadbirkorlik sub'yektlarini kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini hisobga olish lozim. Bundan tashqari, ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni amalga oshirish davomida barqaror ish o‘rinlarini yaratish ko‘rsatkichlari mazkur dasturlarning muhim mezonlaridan biri bo‘lishiga erishish kerak. Ushbu maqsadda, avvalambor, munosib ish haqi to‘lanadigan barqaror ish o‘rinlarini taklif etayotgan korxonalarda, xususan, yuqori texnologik tarmoq korxonalari, xizmat ko‘rsatish va servis sohasida mehnatga layoqatli aholi bandligini ta'minlash bo‘yicha sa'y-harakatlarni faollashtirish lozim».

«Bu yo‘nalishdagi yana bir muhim masala mehnatga layoqatli aholini ish bilan ta'minlash, bir martalik vaqtincha ish bilan band bo‘lgan shaxslar mehnat faoliyatining qonuniy asoslarini takomillashtirishdir», — qo‘shimcha qildi Hotamjon Ketmonov.

Hotamjon Ketmonov kam ta'minlangan oilalarni manzilli ijtimoiy himoyalash siyosatini izchil davom ettirish lozimligini qayd etib o‘tgan.

«Kam ta'minlangan oilalarni manzilli ijtimoiy himoyalash siyosatini izchil davom ettirish lozim. Bunda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini aholining ehtiyojmand qatlamlari o‘rtasida boqimandalik kayfiyatini bartaraf etishga qaratish, ularning tashabbuskorligini rag‘batlantirish, mehnat va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda nafaqalar va moddiy yordamni asosan kam ta'minlangan oilalar, ijtimoiy yordamga muxtoj qariyalar va bolalarga yo‘naltirish nihoyatda muhim masaladir», — dedi u.

«Yana bir muhim masala bugungi kunda partiyamiz elektoratining asosiy qatlamini tashkil etuvchi jismoniy imkoniyati cheklangan, turli sabablarga ko‘ra nogiron bo‘lib qolgan fuqarolarimizning ijtimoiy hayotga kirishishlari uchun barcha sharoitlarni yaratish masalasidir.

Bugungi kunda ijtimoiy obektlarda, barcha bino inshootlarda nogironlar uchun maxsus kirish yo‘lagi — panduslar bo‘lishi darkor. Yangi qurilayotgan obektlarni loyihalash ishlari, shuningdek, qurib bitkazilgan obektlarni foydalanishga topshirish jarayonida Nogironlar uyushmasi ishtiroki qonunchilikda mustahkamlab qo‘yilgan bo‘lsada, mazkur normalar amaliyotda ishlamayapti. Aksariyat binolarda nogironlar uchun panduslar umuman yo‘q, mavjud bo‘lganlarining aksariyatidan foydalanishning imkoni yo‘q. Piyodalar yo‘lakchalari ham nogironlar uchun moslanmagan. Mazkur masalalarni bartaraf etish maqsadida qator choralarni amalga oshirish, xususan, mavjud barcha bino va inshootlarni, ayniqsa davlat idoralarini nogironlar kira olishlari nuqtai nazaridan xatlovdan o‘tkazish kerak, ularni nogironlarga moslash; yo‘lakchalarni nogironlarga moslash bo‘yicha maxsus davlat dasturini qabul qilish darkor deb hisoblaymiz», — ta'kidladi siyosatchi.

Mavzuga oid