Jamiyat | 11:32 / 25.10.2016
8277
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda o‘tkazilayotgan "Tulki ovi" natijasi e'lon qilindi

Foto: © AP

Xitoy huquq-tartibot idoralari "Tulki ovi —2016" kampaniyasi doirasida shu paytgacha 634 nafar qochqin poraxo‘rni qo‘lga oldi, deb xabar qilmoqda XXR jamoat xavfsizligi vazirligi. Maxsus amaliyot shu yilning may oyida boshlangan edi. 

Xabarlarga ko‘ra, ayni vaqtda 634 nafar qochqin mulozim dunyoning 67 mamlakati va mintaqasida ushlangan, ulardan 16 nafari eng jiddiy qidirilayotgan 100 jinoyatchi ro‘yxatida bo‘lgan. Hibsga olinganlarning 205 nafari 10 mln yuandan ortiq (1,5 mln AQSh dollariga yaqin) mablag‘ga oid jinoyat ishlarida so‘roq qilinmoqda. Yana 59 kishi  100 million yuandan ortiq (15 million dollarga yaqin) mablag‘ga oid ishlarga aloqadorligi gumon qilinayapti. Korrupsiyada ayblanayotganlarning 48 nafari 5 yildan ko‘proq vaqtdan beri mahkamadan qochib yurgan, 17 kishi 10 yildan ortiq vaqtdan beri yashirinib yurganiga oydinlik kiritilgan. 

Avvalroq, XXR jamoat xavfsizligi vaziri o‘rinbosari Men Tsinfen, mamlakatdan noqonuniy olib chiqilgan mablag‘larni qaytarish muhim vazifa ekanini aytgan edi. 

Sinxua agentligining xabariga ko‘ra, "Tulki ovi-2015" kampaniyasi doirasida XXR hukumati 857 nafar qochqin poraxo‘r mulozimni mamlakatga qaytarishning uddasidan chiqqan. 

Mavzuga oid