Jahon | 18:36 / 27.10.2016
6641
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiya Idlibdagi maktabga hujum uchun javobgarlikni Suriya armiyasi zimmasiga yukladi

Foto: Reuters

Fransiya Tashqi ishlar vaziri Jan-Mark Ero Idlib shahridagi maktabga qilingan hujum uchun aybni Suriya hukumati zimmasiga yukladi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar bergan.

"Suriyadagi tuzum va uning tarafdorlari tinchlik sulhi haqida o‘ylamaydi va aynan ular bu bombardimonni uyushtirgan. Bu hujum xalqaro inson huquqlarining ochiq-oydin buzilishidir", deya qayd etgan Ero.

Bundan oldinroq BMT bolalar jamg‘armasi (UNICEF) ijrochi direktori Entoni Leyk Suriyaning Idlib shahridagi maktabga nisbatan uyushtirilgan bir nechta aviazarba oqibatida 22 nafar bola va olti nafar o‘qituvchi halok bo‘lganligini ma'lum qilgandi.

Idlib viloyati Suriya muxolifati nazoratida bo‘lib, turli manbalar 27 oktabrga o‘tar kechasi berilgan havo zarbasi Rossiya va Suriya hukumati tomonidan amalga oshirilganini bildirgan.

O‘z navbatida, Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vitaliy Churkin Idlibdagi maktabga zarba berilganligi haqidagi xabarni dahshatli deb atadi va bu bo‘yicha Rossiya tomonining izohini kutishga chaqirdi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid