O‘zbekiston | 19:35 / 31.10.2016
5371
4 daqiqa o‘qiladi

Saylovoldi tashviqotida OAVga qo‘yiladigan talablar ma'lum qilindi

Foto: UzDaily

2016 yilning 31 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazida videokonferentsaloqa shaklida “Ommaviy axborot vositalari va saylovoldi tashviqoti” mavzuida amaliy seminar o‘tkazildi.

Tadbirda ommaviy axborot vositalari xodimlari, siyosiy partiyalar matbuot xizmatlari vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari K.Odilov va boshqalar saylov jarayonida barcha fuqarolarga saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi dasturi, shuningdek, saylov jarayonining mohiyati haqida to‘liq axborot olish shart-sharoitlari ta'minlanishini ta'kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasi hal qiluvchi pallaga kirdi. Shu yilning 28 oktabridan saylovoldi tashviqoti boshlandi. “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi qonunga asosan saylovoldi tashviqoti olib borilayotganda davlat ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarga hajmiga ko‘ra bir xil bo‘lgan efir vaqti va nashr maydonini bepul berish yo‘li bilan teng sharoitlar ta'minlanadi.

Saylovoldi tashviqoti o‘tkazishda ommaviy axborot vositalaridan foydalanish tartibi, hajmi va vaqti siyosiy partiyalar bilan kelishilgan holda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi. Shu sababli Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyalardan kelib tushgan taklif va istaklarni inobatga olib, har bir nomzodga o‘z saylovoldi dasturlarini aholiga yetkazish uchun O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston” va “Yoshlar” tele- va radiokanallarida 638 daqiqadan, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 12 hududiy telekanallarida 206 daqiqadan, “Toshkent” teleradiokanalida 286 daqiqadan bepul efir vaqti ajratdi.

Nomzodlarga “Xalq so‘zi”, “Narodnoye slovo” va “Pravda Vostoka” gazetalarida 6 sahifadan, “Nurli jol” va “Ovozi tojik” gazetalarida 5 sahifadan iborat nashr maydoni bepul beriladi. Bundan tashqari, hududlardagi 30 mahalliy gazetada har bir nomzod uchun 55,5 sahifa nashr maydoni bepul taqdim qilinadi.

Saylovoldi kampaniyasida ommaviy axborot vositalari nomzodlar uchun oshkoralik va ochiqlik muhitini yaratishga ko‘maklashishlari va ular bilan bog‘liq har qanday ochiq axborotni tezkorlik bilan, haqqoniylik, tenglik va xolislik asosida tarqatishlari talab etiladi. Axborot dasturlari va boshqa axborot materiallarida nomzodlarning saylovoldi faoliyatini yoritib berishda ommaviy axborot vositalari teng sharoitlar, shu jumladan, dasturning davomiyligi va hajmi bo‘yicha teng sharoitlar yaratib berilishini ta'minlaydi.

Bunda pullik efir vaqtini yoki chop etish maydonini ajratish bilan bog‘liq munosabatlar ommaviy axborot vositalari va siyosiy partiyalar o‘rtasida tuziladigan shartnoma asosida amalga oshiriladi.

Ommaviy axborot vositalarida tarqatiladigan axborot haqiqatga mos bo‘lishi, nomzodlar va siyosiy partiyalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzmasligi kerak.

Tadbirda jurnalistlar savollariga javob qaytarildi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid