Fan-texnika | 16:26 / 01.11.2016
4456
2 daqiqa o‘qiladi

«Toyota» mashinalarni smartfonlar yordamida ochishga imkon bermoqda

Foto: motortrend.com

Yaponiyaning dunyoga mashhur Toyota avtomobilsozlik kompaniyasi Smart Key Box qurilmasini namoyish etdi. U avtomobil eshiklarini smartfon yordamida ochish va yopish, dvigatelni yurgizish imkonini beradi. Bu yangilik karsheyyering (carsharing) dasturlarida foydalanish uchun ishlab chiqilgan bo‘lib, uning sinov jarayoni kelasi yil San-Frantsisko shahrida boshlanadi. 

Bu qurilma hech qanday maxsus o‘rnatishni talab qilmaydi. Uni shunchaki, old panelga, idish qo‘ygich yoki salondagi qutiga joylash kifoya qiladi. Carsharing mijozi Smart Key Box qurilmasi qoldirilgan mashina yaqiniga kelgach, maxsus kodni yuborishi kerak bo‘ladi. Bluetooth orqali qabul qilingan kodni qayta ishlagan tizim eshikni ochish va dvigatelni ishga tushirish imkonini beradi. 

Yangi tizim Getaround xizmati bilan hamkorlikda sinovdan o‘tkaziladi. Toyota kompaniyasi ushbu firmaga nazoratidagi jamg‘arma orqali 10 mln dollar sarmoya kiritgan. Sinov jarayonida Prius gibridi yoki Lexus mashinalariga ega kishilar ishtirok etishlari mumkin.

Getaround firmasining carsharing dasturi avtomobil egalariga uzoq muddat mobaynida foydalanmagan avtomobillarini ijaraga berish imkonini ham beradi. Xizmat vakillarining ishontirishlaricha, Getaround yordamida oyiga 800 dollar ishlash mumkin. Avtomobil ijara haqi soatiga 5 dollarni tashkil etadi. 

Qayd etish joizki, Yaponiya kompaniyasi bu kabi dasturni ishga tushirayotgan ilk firma emas. Masalan, Daimler konsernining Car2Go xizmati allaqachon faoliyat yuritmoqda. AQShning qator yirik shaharlarida General Motors kompaniyasining Maven xizmati ishlamoqda. «Ford» Londonda GoDrive servisini, BMW kompaniyasi esa Siettlda ishlayotgan ReachNow xizmatini yo‘lga qo‘yishga ulgurgan. Bundan tashqari, yaqin orada «Tesla»ning o‘z xizmati paydo bo‘lishi kutilmoqda.

Mavzuga oid