O‘zbekiston | 14:48 / 03.11.2016
28492
11 daqiqa o‘qiladi

Davlat mulozimlariga fuqarolarni har kuni qabul qilish majburiyati yuklandi

O‘zbekistonda davlat hokimiyati organlarida faoliyat yurituvchi rahbar xodimlariga mamlakat fuqarolarining murojaatlari va muammolari ustida jiddiy shug‘ullanish vazifasi yuklatildi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablaridan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining elektron qabulxonasiga jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan kelib tushayotgan murojaatlarni ko‘rib chiqishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish, murojaatlar bilan ishlashning natijadorligini oshirish maqsadida 2016 yil 27 oktabrida 366-sonli qarori qabul qildi

Unda yozilishicha, fuqarolar va tashkilotlarning murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha davlat organlarining mas'uliyatini oshirish maqsadida 2014 yil dekabr oyida «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi. Qonunning maqsadi va mohiyati, uning ijrosini amalga oshirish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar belgilandi. 

Vazirlar Mahkamasi tomonidan ushbu Qonun ijrosining qator vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklardagi ahvoli maqsadli o‘rganildi. Xususan, 2016 yil uchun tasdiqlangan ish reja asosida «O‘zstandart» agentligi, «O‘zneftmahsulot» aksiyadorlik kompaniyasi, O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi, O‘rta maxsus kasb-hunar ta'limi markazi, Oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasi va ularning tizimidagi tashkilotlarda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va Toshkent shahar hokimligi hamda qator shahar va tumanlar hokimliklarida maqsadli o‘rganishlar amalga oshirildi.

Vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklarda murojaatlar bilan ishlash masalasi tanqidiy muhokama etib borilgan, jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillari qabul qilingan, ularning murojaatlari ko‘rib chiqilgan va haqli talablari qanoatlantirilgan hamda tegishli chora-tadbirlar ko‘rilgan.

Shu bilan birga, tahlillar natijasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shahar va tumanlar hokimliklari, vazirliklar, idoralar va xo‘jalik boshqaruvi organlari tizimida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash borasida jiddiy kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatdi.

2016 yilning 9 oyida respublikadagi barcha davlat organlari va mahalliy hokimliklarga jismoniy va yuridik shaxslardan jami 338,2 mingta murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,1 foizga ko‘paygan. Shu jumladan, Vazirlar Mahkamasida murojaatlar soni — 16,3 mingtani, viloyat hokimliklarida — 50,0 mingtani, shahar va tumanlar hokimliklarida — 200,8 mingtani hamda vazirliklar, idoralar va xo‘jalik boshqaruv organlarida — 71,2 mingtani tashkil etgan, deyiladi qarorning kirish qismida. 

Hududlar kesimi bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslardan eng ko‘p murojaatlar Toshkent shahar (14,8 mingta yoki 29,9%), Toshkent (5,9 mingta yoki 12,0%), Samarqand (4,1 mingta yoki 8,3%), Andijon (3,5 mingta yoki 7,2%), Namangan (3,3 mingta yoki 6,8%), Qashqadaryo (2,8 mingta yoki 5,7%) va Surxondaryo (2,7 mingta yoki 5,6%) viloyatlari hokimliklariga tushgan.

Vazirlik, idoralar va xo‘jalik boshqaruvi organlariga kelib tushgan murojaatlarning asosiy qismi Adliya (10,0 mingta), Mehnat (4,4 mingta), Moliya (3,8 mingta), Xalq ta'limi (2,1 mingta) vazirliklariga, Davlat soliq (6,2 mingta), Davlat raqobat (3,7 mingta) qo‘mitalariga, «O‘ztransgaz» (4,3 mingta), «O‘zavtosanoat» (3,1 mingta) kompaniyalariga to‘g‘ri kelgan.

Jismoniy va yuridik shaxslarning aksariyat murojaatlarida mahalliy hokimliklar, vazirliklar va idoralarning bevosita vakolatlariga daxldor bo‘lgan masalalar ko‘tarilgan bo‘lib, ularning tizimida yo‘l qo‘yilayotgan ayrim muammo va kamchiliklar, murojaatlarni o‘z vaqtida qonuniy ko‘rib chiqilmaganligi to‘g‘risida vajlari ko‘rsatilgan.

Viloyatlar hokimliklariga bank — kredit masalalari bo‘yicha murojaatlar (2,4 baravarga), mahalla (58,7 foiz), ichki ishlar (48,5 foiz), nafaqa (48,0 foiz), agrosanoat infratuzilmasi (46,2 foiz), tadbirkorlikni rivojlantirish (34,6 foiz), davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari ishlari (32,8 foiz), xalq ta'limi (26,0 foiz), ish, ish haqi (21,3 foiz), sog‘liqni saqlash (16,6 foiz), madaniyat ishlari, oila (har biri 16,0 foiz), oliy va o‘rta maxsus ta'lim (10,0 foiz), qurilish (9,0 foiz), uy-joy va yer olish (7,0 foiz), yoqilg‘i-energetika (6,4 foiz) oshgan.

Mahalliy hokimliklar, vazirliklar va idoralarda murojaatlarni ko‘rib chiqishning ahvolini o‘rganish natijalari, haqiqatan ham joylarda jiddiy muammolar mavjudligini, ularning yechimlari o‘z vaqtida topilmaganligini, murojaatlarni ko‘rib chiqishdek dolzarb masalaga rahbarlar tomonidan panja orasidan qaralayotganligi hamda mas'uliyatsizlik va sansalorlik holatlariga yo‘l qo‘yilganligini ko‘rsatdi.

2016 yil 24 sentabrdan boshlab aholi va tadbirkorlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining elektron qabulxonasiga respublikaning barcha hududlaridan jami 77,1 mingta murojaat kelib tushgan. Jumladan, ishonch telefoni orqali 34,9 mingta, veb-sayt — 40,3 mingta va O‘zLiDep — 1,9 mingta murojaat qabul qilinib, ijroga yuborilgan.

Jami murojaatlardan 20,9 mingtasi vazirlik va idoralar, mahalliy hokimlik organlari tomonidan ko‘rib chiqish jarayonida, 33,0 mingtasi ijroga yuborilgan, 23,2 mingtasi hal etilgan.

Qisqa muddatda elektron qabulxonaga ko‘p sonli murojaatlarning kelib tushishi joylardagi, ayniqsa shahar va tuman miqyosidagi mutasaddi rahbarlar xalqning taklif va muammolari bilan qiziqmasligini, aksariyat hollarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga e'tiborsiz ekanligini ko‘rsatdi.

Hududlar kesimida eng ko‘p murojaatlar Toshkent shahri (27,0 mingta), Toshkent (10,0 mingta ), Farg‘ona (5,8 mingta), Qashqadaryo (5,3 mingta) va Andijon viloyatlari (4,2 mingta) fuqarolaridan kelib tushgan.

Jami kelib tushayotgan murojaatlarni, ularda ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha tahlil qilingan, eng ko‘p Ichki ishlar (8,6 mingta), Mehnat (2,7 mingta), Sog‘liqni saqlash (1,2 mingta), Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirliklari (626 ta), Markaziy bank va tijorat banklari (3,4 mingta), Sud departamenti (2,0 mingta), Pensiya jamg‘armasi (1,6 mingta), «O‘ztransgaz» aksiyadorlik kompaniyasi (2,2 mingta), «O‘zavtosanoat» aksiyadorlik kompaniyasi (692 ta) va «O‘zbekenergo» aksiyadorlik jamiyatiga (967 ta) kelib tushganligi aniqlandi.

Xususan, uy-joy va yer masalasi to‘g‘risidagi murojaatlar (ipoteka krediti, ta'mirlash, oldi-sotdi, ichki yo‘llarni ta'mirlash masalalari) — 10,8 mingta, mehnat va bandlik masalalari — 4,5 mingta, tabiiy gaz, elektr energiyasi, ichimlik va issiq suv masalalari — 4,6 mingta, ta'lim sohasidagi masalalar — 2,6 mingta, fuqarolik pasporti masalalari — 1,5 mingta, sog‘liqni saqlash sohasi masalalari — 1,4 mingta, sud jarayoni, huquq-tartibot xodimlari xatti-harakatlari masalasi bo‘yicha — 5,4 mingtani tashkil etadi.

Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablarining so‘zsiz bajarilishini ta'minlash maqsadida qaror qabul qilgan. 

Unga muvofiq,

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat, shahar va tuman hokimliklari aholi va tadbirkorlar uchun kunlik soat 8 dan 11 gacha shaxsiy qabullarni tashkil qilish choralarini ko‘rish; 

joylarda aholi va tadbirkorlik sub'yektlari bilan ishlashni tubdan qayta ko‘rib chiqish, ularning muammolari va e'tirozlarini joyida hal etish, aholi bilan ishlash madaniyatini oshirish;

aholi va tadbirkorlar tomonidan murojaatlarni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining elektron qabulxonasigacha olib chiqmaslik maqsadida o‘zlarining veb-saytlari va ishonch telefonlari orqali murojaat qilish tizimini tubdan yaxshilash;

fuqarolar tomonidan davlat xizmatlaridan foydalanishni osonlashtirish maqsadida murojaatlar statistikasining tahlili asosida tegishli davlat xizmatlarini interaktiv ko‘rinishga o‘tkazish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqib, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga kiritish vazifalari yuklatilgan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi bilan birgalikda joylarda xalq qabulxonalarini tashkil etish maqsadida shahar va tumanlar markazlarida namunali ko‘rinish hamda aholi kelishiga qulay bo‘lgan binolarni ajratib, ularda barcha sharoitlar yaratilishini ta'minlash belgilangan. 

Shu bilan birga, qarorga muvofiq, Ichki ishlar, Sog‘liqni saqlash, Mehnat, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim, Adliya vazirliklari, Markaziy bank va tijorat banklari, «O‘ztransgaz» AK, «O‘zbekenergo» AJ, Moliya vazirligi huzuridagi Pensiya jamg‘armasi hamda «O‘zavtosanoat» AK rahbariyatlariga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining elektron qabulxonasiga kelib tushayotgan murojaatlarning o‘z vaqtida va sifatli ijrosini ta'minlashga qaratilgan hay'at yig‘ilishlarini o‘tkazish;

aholi va tadbirkorlar murojaatlarini keskin kamaytirish maqsadida ularning kelib chiqish sabablarini chuqur o‘rgangan holda, muammolarni bartaraf etish yuzasidan tegishli normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga o‘z takliflarini kiritish vazifasi yuklatilgan. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari «O‘ztransgaz» AK, «O‘zbekenergo» AJ bilan birgalikda qish mavsumi arafasida aholidan tushayotgan murojaatlarni zudlik bilan joyiga chiqib, hal etilishini ta'minlash maqsadida bir hafta muddatda maxsus guruhlar faoliyatini tashkil etishlari belgilangan.

Hujjatda ayrim davlat organlari va tashkilotlar rahbarlari tomonidan fuqarolarning murojaatlarini hal etishda, sansalorlik, muddatidan o‘tkazib yuborish va qalbakilashtirish holatlari qayd etilayotgani ta'kidlangan va hayfsan e'lon qilingan rahbarlar nomlari keltirilgan. Xususan, «Toshissiqlikquvvati» ishlab chiqarish birlashmasi Mirobod tumani filiali rahbari Muxammedov egallab turgan lavozimidan ozod etilgani ma'lum qilingan. 

Qarorda, shunigdek, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining elektron qabulxonasi orqali mahalliy hokimlik organlariga kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha ilovada keltirilgan 3ta sxema ham tasdiqlangan. 

Mavzuga oid