Jahon | 18:15 / 06.11.2016
11222
2 daqiqa o‘qiladi

Suriya kurdlari Raqqani ozod etish uchun hujum boshlamoqda

Foto: © Sputnik

Kurdlarning "Suriya demokratik kuchlari" partiyasi AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya ko‘magida Raqqa shahrini IShID jangarilaridan ozod etishga kirishadi. Bu haqda partiyaning Raqqadan shimolda joylashgan Ayn Issa shahrida o‘tkazilgan yig‘ilishidan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumani vaqtida ma'lum qilindi.

Shaharga yaqin soatlarda hujum boshlanishi kutilmoqda.

Bu amaliyotga "Quturgan Frot" nomi berilgan. Bu amaliyotda kurdlardan tashqari, arab qabilalaridan tuzilgan bo‘linmalar ishtirok etadi.

Ba'zi tahlilchilar bu kuchlarning muvaffaqiyatga erishishiga shubha bildirmoqda

Bu IShIDga qarshi kurashdagi ikkinchi yirik hal qiluvchi amaliyot bo‘ladi. Oktyabr oyining ikkinchi yarmida Iroq armiyasi koalitsiya hamda Iroqdagi kurd bo‘linmalari hamkorligida Mo‘sul shahrini ozod qilish uchun yurish boshlagandi.

26 oktabr kuni Pentagon rahbari Eshton Karter g‘arb mamlakatlari qo‘llab-quvvatlovi bilan Suriyadagi harbiylashgan kuchlar Raqqani IShIDdan ozod etishga kirishishi haqida aytgandi.

Pentagon rahbari o‘shanda Vashingtondagilar avvaldan dastlab Mo‘sulni, keyin Raqqani ozod etish rejasiga ega bo‘lgani haqida gapirgandi.

U amerikalik maxsus topshiriqli harbiylar Mo‘sul va Raqqadagi harakatlarda ishtirok etishi ehtimoli haqidagi savolga javoban, ayni vaqtda AQSh harbiylari Iroqdagi harbiylarni va harbiylashgan guruhlarni himoya qilib turgani, ammo front chizig‘ida amerikalik askarlar yo‘qligini aytgandi.

Mavzuga oid