Inglizcha inqilob va «Taxtlar o‘yini». Yakshanbaning asosiy 5 voqeasi
Yakshanba kungi o‘yinlarda Angliya chempionatida yana peshqadam o‘zgardi. «Arsenal» va «Tottenhem» o‘zaro durang o‘ynab, «Liverpul» birinchi o‘ringa ko‘tarildi. Ispaniyada «Real» o‘z uchrashuvida g‘alaba qilib, peshqadamlikni davom ettirdi, «Barselona» «Sevilya» bilan o‘yinda Messining goli va golli uzatmasi tufayli ikkinchi o‘rinda qolib, bu jamoani ta'qib qilmoqda. Italiyada «Milan» kuchli uchlikka kirdi.
Shimoliy London derbisidagi to‘qnashuv
Uzoq vaqtdan buyon London shimolida birdaniga ikki jamoa APL chempionligi uchun chinakamiga kurash olib bormoqda. Turning markaziy uchrashuvida «Tottenhem» «Arsenal» maydoniga safar qildi. Ayni vaqtda «shporlar» ham, «kanonirlar» ham yaxshi formada, lekin bu jamoalar o‘zlaridan kutilgan o‘yinni namoyish qilishmadi. O‘yinda tezlik bo‘ldi, kurashlar bo‘ldi, golli vaziyatlar bo‘ldi, lekin o‘yinning maqomidan kelib chiqib qaralganda, kutilgan o‘yin bo‘lmadi. Avvaliga Vimmer avtogol urdi, mehmonlarning javob golini Keyn penalti orqali kiritdi. Faqat o‘yinning oxirgi 20 daqiqaligida «Arsenal» raqibni qamab, bosim uyushtirdi – bu uchrashuvdan alohida ajratib ko‘rsatish mumkin bo‘lgani shu. Darvoqe, derbi derbidek bo‘lsin qabilida, ikkinchi bo‘lim davomida futbolchilar maydondagi bir vaziyat ortidan bir-birlariga bir muddat "xezlanib turishdi".
«Liverpul» «Uotford»ni yirik hisobda yengdi va turnir jadvalida 26 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. Ikkinchi o‘rinda «Chelsi» (25), uchinchi o‘rinda «Manchester Siti» (24), to‘rtinchi «Arsenal» (24).
Mankunianliklarning porlashi
Manchesterliklar nihoyat katta ustunlik ko‘rsatib, g‘alabaga erishgan o‘yin guvohi bo‘lindi. Bir tomondan Mourinoning g‘oyalari «MYu»da ish berayotgandek, boshqa tomondan – «Suonsi» bu mavsum tushunarsiz o‘yin ko‘rsatmoqda, jamoa mavsumda faqat bitta g‘alabaga erishdi, u ham avgust oyida. Fortuna (yoki Jozening murabbiylik dahosi) mankunianliklarga safarda 3:1 hisobidagi g‘alabani olib keldi. O‘yindagi e'tiborga molik jihat Ibrahimovich o‘zining omadsiz seriyasiga chek qo‘ydi (birdaniga dubl qayd etib), shuningdek, himoyada Jons — Roxo juftligi yaxshi tajribadan o‘tdi, Pol Pogbaning goli esa muxlislarga manzur bo‘ldi, nihoyat Runi asosiy tarkibda tushib, 2ta golga hammualliflik qildi. Bu iblisona ertak kabi. Shu bilan birga Genrix Mxitaryan bu safar ham sheriklarining harakatlarini tribunadan turib kuzatishga majbur bo‘ldi.
APL turnir jadvalida 11 tur o‘yinlaridan keyin vaziyat. "Kuchli beshlik"
Bundesliga «Lester»i
Hozircha haqiqiy «Lester» keyingi o‘n yillikdagi asosiy futbol ertagini yakunlab, o‘z maydonida «Vest Bromvich»ga yutqazish bilan band bo‘lganida, bayroq «RB Leyptsig» qo‘liga o‘tgan. Bundesliga debyutanti (tarixda ilk marta) 10-turga kelib, turnir jadvalining ikkinchi pog‘onasiga mustahkamlanib olgan. Bu jamoa ochkolari soni «Bavariya»niki bilan teng. Tim Vernerning dubli va Emil Forsberg muallifligidagi bitta gol, ya'ni leyptsigliklarning Mahrezi va Vardisining harakatlari «Maynts» ustidan ishonchli g‘alaba olib keldi. Shu tariqa, «Qanday qilib 4 mavsum ichida Germaniyaning eng yaxshi jamoasiga aylanish mumkin?» kitobining yana bir sahifasi yozildi.
Milancha kambek
A Seriyaning kuchli uchligida kutilmagan jamoa. Bir necha mavsumdan buyon Italiyadagi muxlislar«Milan»ni o‘rtamiyona jamoa sifatida ko‘rib o‘rganib qolishgandi. Ammo bu mavsumda Vinchentso Montella jamoasi 17 yoshli darvozabon hamda 18 yoshli pleymeyker orqali Apenninga tahlika solmoqda. «Rossonerilar» Sitsiliyaga safar qilib, «Palermo» ustidan irodali g‘alabani qayd etdi — 2:1. Endi jamoa YeChL uchun kurashishi mumkin. Eski davrlar qaytayotgandek.
Ispaniyada Taxtlar o‘yini
«Atletiko» bu turda mag‘lubiyatga uchradi va «Real» hamda «Barselona»ni oldinga qo‘yib yubordi. «Qaymoqranglilar» «Bernabeu»da «Leganes»dan ustun keldi, «Barselona» esa «Sevilya»ga qarshi qiyin kechgan uchrashuvda irodali g‘alabaga erishdi. «Ramon Sanches Pisxuan» stadionida kechgan o‘yinning birinchi bo‘limida «Sevilya» nomdor raqibga imkon bermadi. Lekin bo‘lim oxirida mezbonlarda g‘alabaga bo‘lgan ishonch yo‘qoldi. O‘yinda Messi va Suares vaziyatlarni hal qildi. Messi faoliyatidagi 500-golini shu stadionda nishonladi. Uning 43-daqiqada aniq harakati mezbonlarning irodasini sindirdi. Buyuk argentinalik 61-daqiqada Suaresga golli pas berdi. Endilikda, kataloniyaliklar jamoasi «Real» bilan g‘alabalar sonini tenglashtirgan, ammo 2 ochko ortda qolmoqda.
Bu o‘yinda e'tiborga molik yana bir jihat Sevilyada bo‘lib turgan aktyorlar Emiliya Klark (Deyeneris Targariyen), Piter Dinkleyj (Tirion Lannister), Nikolay Koster-Valdau (Jyeyme Lannister) va boshqalar «Sevilya» va «Barselona» o‘rtasidagi Ispaniya chempionati 11-turiga tashrif buyurish uchun vaqt topdi.
«Atletiko» chempionlik poygasidan butkul chiqib ketishi ham mumkin. Jamoa YeChLda ajoyib ishtirok etmoqda, ammo Ispaniya chempionatida yetakchilar bilan farq kattalashmoqda. Diyego Siyemoneda tarkib bilan muammolar paydo bo‘lgan. «Real Sosedad»ga qarshi o‘yinda jamoaning maqtalgan darvozaboni Yan Oblak tufayli 2 marta penalti belgilandi va ikkita gol o‘tkazildi. «Atletiko» endilikda «Real»dan 6 ochko ortda qolmoqda. Lekin keyingi turda Madrid derbisi bo‘lib o‘tadi va bu farqni qisqartirish uchun yaxshi imkoniyat mavjud.
Mavzuga oid
11:50
«Siti» yana 4 ta gol o‘tkazdi, «Barsa» kambek qurboni. Kun o‘yinlari
13:34 / 11.11.2024
«Barsa» o‘yinida mojaroli qaror, Shomurodov yana murabbiysiz qoldi. Kun o‘yinlari
15:52 / 10.11.2024
«Arsenal»da ham inqiroz. Buning sabablari nimada?
12:28 / 07.11.2024