Sport | 09:28 / 08.11.2016
6148
2 daqiqa o‘qiladi

«Barselona» Messining «Sevilya» bilan uchrashuvdagi sariq kartochkasini bekor qildirmoqchi

Foto: Marca

«Barselona» rahbariyati Ispaniya chempionatining 11-turida «Sevilya»ga qarshi kechgan uchrashuvdagi epizod yuzasidan shikoyat bildiradi.

83-daqiqada uchrashuv hakami Santyago Xayme Latre Lionel Messiga qarshi ishlatilgan fol uchun jarima zarbasi belgiladi. Qoida buzilishi oqibatida argentinalik futbolchi butsasini yo‘qotgan va butsasi bog‘ichini izlab, uni kiyish uchun ko‘p vaqt sarflagandi. Hakam Messidan maydon tashqarisiga chiqib turishni, vaqtni cho‘zmaslikni so‘ragan, keyin unga vaqtni cho‘zgani uchun sariq kartochka ko‘rsatgandi.

Messi uchun bu Ispaniya chempionatining joriy mavsumidagi uchinchi sariq kartochka bo‘ldi.

Marca nashri xabariga ko‘ra, «Barselona» Messining harakatini vaqt cho‘zishga qaratilgan intilish deb hisoblamayapti va hakamning qaroriga norozilik bildirmoqchi.

Ushbu o‘yinda kataloniyaliklarning boshqa bir hujumchisi Luis Suares ham sariq kartochka bilan jazolandi. Bu uning mavsumdagi beshinchi sariq kartochkasi edi va u endi «Barselona»ning keyingi turda «Malaga»ga qarshi «Kamp Nou»da o‘tadigan uchrashuvida maydonga tushmaydi.

Mavzuga oid