Fan-texnika | 19:58 / 14.11.2016
6406
2 daqiqa o‘qiladi

Xakerlar Google flagman smartfonini bir daqiqaga qolmay buzib kirishdi

Foto: Reuters

Seuldagi PwnFest 2016 anjumani doirasida Qihoo 360 xakerlari jamoasi Google Pixel smartfonini 60 soniyadan kamroq vaqt ichida buzib kirishdi, deb yozmoqda Forbes.

Xakerlar smartfon dasturiy ta'minotidagi "darcha"dan foydalanib, masofadan turib qurilmaga hujum qilishdi va uning ustidan to‘liq nazoratni qo‘llariga olishdi. Xakerlarga himoyani chetlab o‘tish uchun maxsus matnli xabar yuborish kifoya qildi. Qihoo 360’da ta'kidlanishicha, bu zaif joy Pixel sotuvga chiqqandan beri mavjud bo‘lgan.

Xakerlar faqatgina o‘z malakalarini namoyish qilish va ishlab chiqaruvchini xabardor qilish niyatidalar. Shuning uchun Google xakerlarga bu zaif joyni topa olishgani uchun 120 ming dollar mukofot puli berdi. Kompaniya shuningdek yaqin orada "darcha"ni yopadigan maxsus dastur chiqarmoqchi.

Google kompaniyasi Pixel va Pixel XL smartfonlarini oktabr boshida taqdim qildi. Kompaniyaning ta'kidlashicha, ushbu telefonlar bozordagi eng yaxshi kameraga ega. DxOMark resursi mutaxassislari unga eng yuqori reyting – 89 ball berishdi.

 

Mavzuga oid